Xitoy O‘zbekistonga koronavirusga qarshi dori yubordi

Jamiyat

image

Kecha, 9 aprel kuni O‘zbekistonga Xitoy Xalq Respublikasidan maxsus reys orqali COVID-19 koronavirusga chalingan bemorlarni davolash va profilaktika qilishda ishlatish uchun bir qator dori vositalari yetib keldi. 

Ushbu yuk O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo institutining tashabbusiga ko‘ra, Xitoy Fanlar Akademiyasining Shinjon fizik-kimyoviy texnika va Shanxay farmatsevtika institutlaridan yuborilgan.

Dori vositalarining Toshkent shahriga yetib kelishini Xitoy fanlar akademiyasining Toshkent shahridagi “Xitoy — O‘zbekiston tibbiyot texnologiya parki” tashkillashtirgan. Umumiy miqdorda 50 000 quti dori vositalari “Xitoy — O‘zbekiston tibbiyot texnologiya parki” tomonidan O‘zbekiston xalqiga beg‘araz yordam sifatida Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufiga topshirildi.

Yuborilgan dori preparatlarining Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lib, koronavirusga qarshi samarali qo‘llanilgan quyidagi vositalardan iborat:

1) “SPH Zhongxi Pharmaceutical Co., Ltd” farmatsevtik kompaniyasi tomonidan ishlab-chiqarilgan “Fenle” preparati (gidroksixloroxin sulfat tabletkalari 100 mg) – 20 000 ta quti. Ushbu preparat bezgakka qarshi xususiyatga ega bo‘lib, koronavirusga qarshi kurashda ham yaxshi samara bermoqda.

2) Xinjiang Uyghur Pharmaceutical Co., Ltd. farmatsevtik kompaniyasi tomonidan ishlab-chiqarilgan “Zukamu” — 10 000 ta quti va “Zupa” — 10 000 ta quti preparatlari bo‘lib, ular o‘tkir respirator kasallik va gripp simptomlarini bartaraf etishda samarali dori vositasi hisoblanadi.

3) Xinjiang Yinduolan Uighur Medicine Co., Ltd. farmatsevtik kompaniyasi tomonidan ishlab-chiqarilgan “Fufang Yizhihao” preparati — 10 000 ta quti. Ushbu preparat virusli shamollash, tomoqning yallig‘lanishi va og‘rig‘ini bosish, bosh og‘rig‘i va tana haroratini tushirishda samarali vosita hisoblanadi.

O‘z navbatida “Xitoy-O‘zbekiston tibbiyot texnologiya parki” tasarrufidagi davolash-diagnostika klinikasini mobil gospital sifatida bemorlarni joylash va davolashda foydalanish uchun taqdim etishga shayligini ham bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 624 nafarga yetdi. Bugungacha ularning 38 nafari davolandi va 3 nafari vafot этди.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

404

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing