Xitoy o‘z kosmik kemasini orbitadagi stansiyaga uladi
Olam
−
12:42 889 2 daqiqa
Xitoyning inson boshqaruvidagi “Shenchjou-23” kosmik kemasi orbitadagi milliy “Tyangun” stansiyasiga muvaffaqiyatli tutashtirildi. Kema Szyutsyuan kosmodromidan “Chanchjen-2F” raketa-tashuvchisi yordamida uchirilgan bo‘lib, ulanish jarayoni 25-may kuni Pekin vaqti bilan 02:45 da amalga oshgan. Bu haqda Xitoyning insonli kosmik parvozlar dasturi boshqarmasi ma’lum qildi.
“Shenchjou-23” bortda uch nafar taykonavt – missiya komandiri va bort muhandisi Chju Yanchju, uchuvchi Chjan Chjiyuan hamda yuklar bo‘yicha mutaxassis Li Sziyain mavjud. Ular stansiyada 2025 yil 31 oktyabrdan beri bo‘lgan ekipajni almashtirishi va bir qator ilmiy tajribalarni amalga oshirishi kutilmoqda.
“Tyangun” – Xitoyning milliy orbital stansiyasi bo‘lib, 2022-yil oxirida qurilishi yakunlangan. U uchta moduldan iborat: asosiy “Tyanxe”, hamda “Ventyan” va “Mentyan” tadqiqot modullari. Stansiya bir vaqtning o‘zida uch nafar ekipaj a’zosini qabul qila oladi.
Navbatdagi missiya doirasida taykonavtlar kosmik nurlanishning inson organizmiga ta’siri, suyak zichligining kamayishi hamda psixologik bosim kabi omillarni o‘rganadi. Shuningdek, stansiyaga ilgari blastoidlar – embrionga o‘xshash sun’iy hujayra to‘plamlari ham yuborilgan.
Rejaga ko‘ra, missiya ishtirokchilaridan biri orbitada qariyb bir yil qolishi mumkin. Bu Xitoy kosmik dasturi uchun odatdagidan ancha uzoq muddat hisoblanadi.
Xitoy ushbu tadqiqotlarni 2030-yilgacha rejalashtirilgan Oyga inson yuborish loyihasiga tayyorgarlik doirasida olib bormoqda.
AQSHning NASA agentligi ham 2028-yilgacha Oyga inson yuborishni rejalashtirmoqda. Aprel oyida “Artemida-2” missiyasi doirasida “Orion” kemasi to‘rt astronavt bilan Oy atrofini aylanib, Yerga muvaffaqiyatli qaytgan.
Rejalarga ko‘ra, keyingi Oy missiyalarida Germaniyadan ham astronavt ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar orasida Aleksandr Gerst va Mattias Maurer ko‘rib chiqilmoqda.
Live
Barchasi