Xitoy Tinch okeanida raketa sinovini o‘tkazdi

Olam

image

Bugun, 6 iyul kuni Xitoy harbiylari atom suvosti kemasidan Tinch okeaniga raketa uchirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy Xalq ozodlik armiyasi Harbiy-dengiz kuchlariga qarashli atom suvosti kemasi mahalliy vaqt bilan soat 12:01 da soxta jangovar kallak o‘rnatilgan raketani uchirgan. Raketa rejalashtirilgan dengiz hududiga tushgani aytilgan, biroq bu hudud qayerda ekani ochiqlanmagan.

Xitoy tomoni sinov mamlakatning yillik harbiy mashg‘ulotlari doirasidagi odatiy tadbir ekanini bildirib, u hech bir davlat yoki muayyan nishonga qarshi qaratilmaganini ta’kidlagan. Sinov Yaponiya, Avstraliya va Yangi Zelandiyaning tanqidiga sabab bo‘lgan.

Avstraliya Tashqi ishlar vaziri Penni Vong Pekin raketa sinovi haqida Kanberrani oldindan xabardor qilganini tasdiqlagan. Shu bilan birga, u bu harakatni mintaqa barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qadam deb baholagan.

“Bu Xitoyning jadal harbiy qudratini oshirayotgani, biroq uning maqsadlari yuzasidan mintaqa kutayotgan darajadagi shaffoflik va ishonchni ta’minlamayotgani fonida yuz bermoqda”, degan Vong.

Yangi Zelandiya Tashqi ishlar vaziri Uinston Piters ham sinovdan xavotir bildirgan. Uning aytishicha, Xitoy mamlakatni ogohlantirganidan bir necha soat o‘tib raketani uchirgan.

“Biz, Tinch okeanidagi boshqa davlatlar singari, Xitoyning Janubiy Tinch okeanidan raketa imkoniyatlarini sinash maydoni sifatida foydalanishidan manfaatdor emasmiz”, degan u.

Yaponiya hukumati ham raketa uchirilishi haqida oldindan xabardor qilinganini ma’lum qilgan va Pekinni bunday harakatlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan. Tokio raketa mamlakatning eksklyuziv iqtisodiy zonasidan tashqariga tushganini, kemalar va samolyotlarga zarar yetkazilgani haqida ma’lumot kelib tushmaganini bildirgan.

Mintaqa davlatlari tanqidlariga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Mao Nin raketa sinovi xavfsiz, standartlarga muvofiq va professional tarzda o‘tkazilganini ta’kidlab, boshqa davlatlarni vaziyatni ortiqcha talqin qilmaslikka chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi xorijiy razvedka xizmatlari mamlakat suv hududlarini kuzatish uchun sensorlar o‘rnatilgan hayvonlardan foydalanayotganini ma’lum qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing