Xitoy Tayvan yaqinidagi harbiy mashqlarini yakunladi
Olam
−
25 may
4722Xitoy ikki kun davom etgan manyovrlardan so‘ng, bugun, 25 may kuni Tayvan yaqinida harbiy mashqlarni yakunlaganini e’lon qildi. Bu haqda Xitoy davlat televideniyesi xabar berdi.
Pekin Tayvan rahbariyatining separatistik bayonotlari uchun jazo ekanini aytgan mashg‘ulotlarda 111 ta samolyot va o‘nlab kemalar ishtirok etdi.
Xitoy armiyasining Tayvan yaqinidagi manyovrlarida armiya, dengiz floti, havo kuchlari va raketa kuchlari ishtirok etdi. Xitoy harbiylariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda havo va dengiz patrullari, ularning muhim strategik nishonlarga zarbalari va Tayvanga tegishli orollar va undan tashqaridagi operatsiyalar bilan birgalikda armiya bo‘linmalarining jangovar qobiliyati sinovdan o‘tkazilgan.
Tayvan Xitoy manyovrlarini aniq harbiy tahdiddan ko‘ra ko‘proq siyosiy kuch namoyishi sifatida qabul qildi. Taybey Xitoy mashqlarini mavjud dunyo tartibiga qarshi “oshkora provokatsiya” deb atadi. Xitoy so‘nggi yillarda Tayvan yaqinida bir qancha mashg‘ulotlar, jumladan, 2022 va 2023 yillarda keng ko‘lamli manyovrlar o‘tkazdi.
Tayvan 1949 yilda fuqarolar urushi tugaganidan keyin materik Xitoydan mustaqilligini e’lon qildi. Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb davlatlari Tayvanni qo‘llab-quvvatlaydi, lekin uning mustaqilligini rasman tan olmaydi. Tayvan suveren davlat sifatida Palau, Tuvalu va Beliz kabi o‘nga yaqin davlat tomonidan tan olingan. Tayvan ham BMT a’zosi emas. Xitoy, agar kerak bo‘lsa, Tayvanni harbiy kuch bilan o‘z nazoratiga qaytarishga tayyor ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Tayvanning yangi prezidenti Lay Sinde lavozimga kirishganidan bir necha kun o‘tgach, Xitoy orolga yaqin joyda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkaza boshlagandi. Mashg‘ulotlar Tayvan bo‘g‘ozida, Tayvan qirg‘oqlarining shimoli, janubi va sharqida, shuningdek, Tayvan nazoratidagi Szinmen, Matsu, Usyuyuy va Dun’in orollari atrofidagi hududlarda bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi