Xitoydagi parad AQSHga qarshi fitnami?

Tahlil

Xitoy Raisi Si Szinpin bugun, 3 sentyabr kuni eng yirik harbiy paradda chiqish qilib, dunyo tinchlik yoki urush orasidagi tanlov qarshisida turganidan ogohlantirdi. Uning yonida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘tirdi.

Ikkinchi Jahon urushida Yaponiyaning mag‘lub bo‘lganiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan bu tantanali tadbir G‘arb tomonidan deyarli baykot qilindi. Ukraina urushi va Kimning yadroviy dasturlari tufayli G‘arbda yakkallangan Putin va Kim esa paradning asosiy mehmonlari bo‘ldi. Kuni kecha Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida keng ishtirok etganiga qaramay, bir qancha yetakchilar paradga qolmadi. Hindiston Bosh vazir Narendra Modi, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Misr Bosh vaziri Mustafo Madbuli ham tadbir oldidan Xitoyni tark etdi. Ular paradga quyiroq lavozimdagi vakillarini yubordi. Bu shuni anglatadiki, G‘arb bilan aloqasi bo‘lgan ko‘plab davlatlar harbiy qudratning ochiq namoyon bo‘lishidan ehtiyot bo‘lib, Xitoy harbiy paradlariga borishdan o‘zini tiygan.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, aksariyat G‘arb davlatlari tadbirda qatnashishdan bosh tortdi. Ularning qarori Pekin bilan davom etayotgan keskinlikni, xususan, Xitoyning Ukrainadagi urush paytida Rossiyani qo‘llab-quvvatlagani, o‘sib borayotgan mudofaa sanoati va global savdo bahslarida qarama-qarshi pozitsiyasini aks ettiradi.

Xitoyning harbiy qudrati va diplomatik nufuzini namoyish qilishga qaratilgan parad AQSH Prezidenti Donald Trampning savdo tariflari va beqaror siyosati fonida Xitoyning ham ittifoqchilari, ham raqiblari bilan munosabatlariga salbiy ta’sir qilayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

“Bugun insoniyat tinchlik yoki urush, muloqot yoki to‘qnashuv, g‘alaba yoki yo‘qotish tanlovi oldida turibdi. Xitoy xalqi esa tarixning to‘g‘ri tarafiga qat’iy turibdi”, dedi Si Szinpin Tyananmen maydonidagi 50 mingdan ziyod tomoshabinga murojaat qilib.

Usti ochiq kabrioletda Si Szinpin qo‘shinlarni va namoyish etilgan zamonaviy harbiy texnika — raketalar, tanklar va dronlarni ko‘zdan kechirdi. Havoda esa ulkan bayroqlarni ko‘targan vertolyotlar va qatorma-qator parvoz qilgan qiruvchi samolyotlar namoyish qilindi. Parad 70 daqiqa davom etdi va uning yakunida 80 mingta tinchlik ramzi bo‘lgan oq kabutar va turli rangli sharlar havoga qo‘yib yuborildi.

Si Szinpin paradga "Mao Szedun" uslubidagi kostyumda chiqdi va qizil yo‘lakda rafiqasi Pen Liyuan bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyevani ham qarshi oldi.  O‘zbekiston Prezidentining Pekin shahridagi tantanali tadbirlarda ishtiroki mamlakatning mintaqaviy va global darajada konstruktiv muloqotni rivojlantirishga qaratilgan izchil tashqi siyosatining navbatdagi tasdig‘i bo‘lgani aytiladi.

Tribunalarda esa Putin va Kim Chen In orasida o‘tirgan Si Szinpin qo‘shinlar va texnika ularning oldidan o‘tar vaqti yetakchilarning suhbati davom etdi.

Shunday bir paytda AQSH rahbari Donald Trapm ulardan xafaligini bildirdi.

“Iltimos, Vladimir Putin va Kim Chen Inga mening eng samimiy salomlarimni yetkazing, chunki sizlar AQSHga qarshi birga harakat qilayapsizlar”, deb yozdi AQSH Prezidenti Donald Tramp parad boshlangan paytda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida. 

Shu bilan birga, u AQSHning Xitoyni Yaponiyadan ozod qilishdagi hissasini alohida ta’kidladi. Tramp paradni AQSHga qarshi chaqiriq sifatida ko‘rmaganini bildirdi. Yaponiya hukumati matbuot kotibi esa parad haqida izoh berishdan bosh tortdi va ikki davlat “konstruktiv munosabatlar”ni rivojlantirayotganini ta’kidladi.

Yangi global tartib

Si Szinpin Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabani “Xitoy millatining buyuk tiklanishi”dagi burilish nuqtasi sifatida ta’riflab, mamlakatning iqtisodiy va geosiyosiy qudratga aylanishiga olib kelganini ta’kidladi.

Shu hafta boshida Si SHHT sammitida yangi global tartib haqidagi qarashini taqdim etib, “gegemonizm va kuch siyosati”ga qarshi birlikka chaqirdi. Bu esa okean ortidagi raqibiga — AQSHga yangidan-yangi ishora edi.

“Si o‘zini ishonch bilan his qilyapti. Endi rul Xitoy qo‘lida. Xalqaro tizimdagi asosiy beqarorlik manbai Xitoyning “qo‘pol diplomatiyasi” emas, balki Trampning biryoqlama siyosati bo‘lib qoldi”, dedi Tayvanda joylashgan Atlantic Council tahlil markazi tadqiqotchisi Ven-Ti Sung. 

Ko‘plab tahlilchilar esa Si, Putin va Kim o‘rtasidagi uchrashuvlar Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreya orasida yanada yaqin harbiy hamkorlikka olib kelishi mumkinligini kuzatmoqda. Bu esa Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi harbiy vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini anglatadi.

Putin paraddan foydalanib, Xitoy bilan yangi energetika kelishuvlarini imzoladi. Kim Chen In esa o‘zining taqiqlangan yadroviy dasturi uchun ko‘mak topish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Kim Chen In ilk bor yirik ko‘p tomonlama tadbirda qatnashdi va 66 yil ichida Xitoy harbiy paradida qatnashgan ilk shimoliy koreyalik rahbarga aylandi. Uning qizi Chju E ham otasi bilan Pekinga keldi, ammo u paradda  Kim Chen In bilan ko‘rinmadi.  Janubiy Koreya razvedkasi Chju Eni Shimoliy Koreyaning bo‘lajak rahbari deb taxmin qiladi. 

Harbiy islohot va parad ahamiyati

Ma’lumki, so‘nggi ikki yilda Si Szinpin Xalq Ozodlik Armiyasidagi ko‘plab yuqori lavozimli generallarni korrupsiyaga qarshi kurash davomida lavozimdan chetlatdi.

“Parad Siga Xitoy armiyasining zamonaviy texnikada qo‘lga kiritgan katta yutuqlariga dunyo e’tiborini qaratish imkoniyatini berdi. Shu bilan birga, armiyadagi davomli tozalash jarayonlarini va yuqori qo‘mondonlar orasidagi muammolarni yopib turishga xizmat qildi”, dedi AQSHdagi Brookings Institution tahlilchisi Jon Szin.

Mutaxassislar fikricha, parad faqat tashqi dunyoga kuch namoyish qilish emas, balki mamlakat ichida milliy g‘urur va vatanparvarlik kayfiyatini kuchaytirish maqsadini ham ko‘zlagan.

Si o‘z nutqida Xitoy millatining tiklanishini “to‘xtatib bo‘lmaydigan jarayon” deb atadi. Mamlakat bo‘ylab davlat xizmatchilariga paradni ko‘rib, o‘z fikr-mulohazalarini yozish topshirildi.

Parad uchun barcha narsa sinchiklab tayyorlandi. Pekinda asosiy yo‘llar va maktablar yopildi, kechasi mashqlar o‘tkazildi. Butun mamlakat bo‘yicha minglab ko‘ngillilar va Kommunistik partiya a’zolari tadbir atrofidagi vaziyatni nazorat qilish uchun jalb etildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Xitoy Shimoliy Koreya parad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing