Xitoy kosmosga atrof-muhitni nazorat qiluvchi sun’iy yo‘ldosh uchirdi
Olam
−
13 Oktabr 2022
3988Xitoy atrof-muhit monitoringi va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan S-SAR01 sun’iy yo‘ldoshini muvaffaqiyatli uchirdi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligi xabar berdi.
Ikki bosqichli SZ-2S raketasi bugun, 13 oktyabrda Pekin vaqti bilan soat 06:53 da Xitoy shimolidagi Shensi provinsiyasidagi Tayyuan kosmodromidan uchirildi.
Qayd etilishicha, qurilma 5 metr o‘lchamdagi S-diapazonli radar tasviri ma’lumotlarini qabul qilib Xitoyning Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligiga taqdim etadi.
“Sun’iy yo‘ldosh tabiiy ofatlar haqida ogohlantiradi va oqibatlarini yumshatish ishlariga yordam beradi. Olingan ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi, zilzila monitoringi va boshqa sohalarda qo‘llaniladi,” deydi Xitoy Xalq Respublikasi Milliy kosmik boshqarmasi.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Xitoy va BAA o‘rtasida Arab Kosmik kemasi “Rashid 2” ning Xitoyning “ Chang’e-7” missiyasi bilan birga oyga yetkazib berishni nazarda tutuvchi o‘zaro birlashish memorandumi imzolangan edi.
Shuningdek, iyul oyida ham Xitoy milliy orbital stansiyada Ventian laboratoriya modulini muvaffaqiyatli ishga tushirgan edi.
Temur Jumayev
LiveBarchasi