Xitoy kosmosda Maskning “nonini yarimta qilmoqchi”

Texnologiya

image

Xitoy keyingi besh yil ichida kosmosga asoslangan sun’iy intellekt (SI) ma’lumotlar markazlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu tashabbus Ilon Mask boshchiligidagi SpaceX kompaniyasining orbital SI markazlarini joylashtirish rejalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobat sifatida baholandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Keltirilishicha, Xitoyning asosiy kosmik pudratchisi – Xitoy Aerokosmik fan va texnologiyalar korporatsiyasi (CASC) besh yillik rivojlanish rejasiga ko‘ra, “gigavatt sinfidagi kosmik raqamli intellekt infratuzilmasini” barpo etishni rejalashtirgan.

Hisobotda qayd etilishicha, yangi kosmik ma’lumotlar markazlari bulutli tizimlar, chekka hisoblash va terminal qurilmalarni yagona ekotizimga birlashtiradi. Bu esa hisoblash quvvati, ma’lumotlarni saqlash va uzatish imkoniyatlarini chuqur integratsiya qilish orqali Yerdan olingan ma’lumotlarni bevosita kosmosda qayta ishlashga imkon beradi.

Bu orada AQSHning SpaceX kompaniyasi ham bo‘sh kelmayapti. Kompaniya yer ustidagi energiya cheklovlari sabab orbital SI ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish uchun bu yil rejalashtirilgan 25 milliard dollarlik IPO mablag‘laridan foydalanishni ko‘zlamoqda. Ilon Mask o‘tgan hafta (22 yanvar) Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida SpaceX yaqin ikki-uch yil ichida quyosh energiyasida ishlaydigan SI markazlari joylashtirilgan sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.

Maskning aytishicha, orbitada quyosh energiyasini ishlab chiqarish Yer yuzidagi panellarga nisbatan besh baravar samaraliroq bo‘lishi mumkin. 

“Sun’iy intellekt uchun eng arzon joy – bu kosmos. Bu jarayon ikki yil, eng kechi bilan uch yil ichida amalga oshadi”, degandi u.

CASCning 2025 yil dekabr oyida e’lon qilgan siyosiy hujjatiga ko‘ra, Xitoy 2030 yilga borib, sanoat miqyosidagi “Kosmik bulut” tizimini yaratishni rejalashtirmoqda. Bunda energiya talab qiladigan AI hisoblash jarayonlari gigavatt sinfidagi quyosh energiyasida ishlovchi orbital markazlarga ko‘chiriladi. Kosmik quyosh energiyasini sun’iy intellekt bilan uyg‘unlashtirish Xitoyning besh yillik rivojlanish rejasining asosiy ustunlaridan biri sifatida belgilangan.

Shuningdek, CASC keyingi besh yil ichida suborbital kosmik turizm parvozlarini yo‘lga qo‘yish va orbital kosmik turizmni bosqichma-bosqich rivojlantirish niyatida ekanini ham bildirgan.

Xitoy va AQSH hozirda kosmosni fuqarolik aviatsiyasiga o‘xshash tijoriy foydali sohaga aylantirish, shuningdek, kosmik ustunlikning harbiy va strategik afzalliklaridan birinchi bo‘lib foydalanish uchun keskin raqobat olib bormoqda. CASC Xitoyni 2045 yilga kelib “dunyodagi yetakchi kosmik davlat”ga aylantirishni maqsad qilgan.

Biroq, Pekin uchun asosiy muammolardan biri – qayta ishlatiladigan raketalar bo‘yicha AQSHdan ortda qolayotgani. SpaceX’ning Falcon 9 raketasi va Starlink loyihasi Yerning past orbitasida deyarli monopoliya holatini shakllantirgan hamda orbital kosmik turizmda ham faol qo‘llanilmoqda.

Shu bilan birga, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy 2024 yilda rekord darajadagi 93 ta kosmik uchirishni amalga oshirgan. Bunga tez sur’atlarda rivojlanayotgan xususiy kosmik startaplar ham katta hissa qo‘shmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropaning yirik kompaniyalari SpaceX’ga raqobat qilish uchun birlashmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy SpaceX Ilon Mask sun'iy intellekt kosmik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing