Xitoy xakerlari AQSH davlat idoralarining tarmoqlariga hujum qildi
Olam
−
08:48 492 2 daqiqa
AQSH Xitoy bilan bog‘liq xakerlar guruhi Adliya vazirligi, NASA, Federal zaxira tizimi, Senat va boshqa muhim davlat tarmoqlariga kirgani yoki bunga uringanini ma’lum qildi. Bu haqda AQSH Adliya vazirligi xabar berdi.
Vazirlining ma’lum qilishicha, operatsiya doirasida xakerlar foydalangan QScan va QTRouter deb nomlangan ikki platformaga tegishli domenlar musodara qilingan. Tergov hujjatlarida Energetika vazirligi, Sog‘liqni saqlash va Inson xizmatlari vazirligi, Milliy sog‘liqni saqlash institutlari hamda AQSH va Janubiy Koreyadagi 4 ta kompaniya hujumlardan jabrlanganlar qatorida qayd etilgan.
Qayd etilishicha, AQSH tomonining bildirishicha, platformalar Xitoyning Nankin shahrida joylashgan Nanjing Xinjiuwei Network Technology Company kompaniyasi tomonidan boshqarilgan. Adliya vazirligi ushbu kompaniya mijozlari orasida Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi va Xalq ozodlik armiyasi borligini aytgan.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakili AQSH idorasi bayonotida keltirilgan aniq ma’lumotlardan xabarsiz ekanini bildirib, Xitoy hukumati barcha turdagi kiberhujumlarga qat’iy qarshi ekanini bayon qilgan. Uning ta’kidlashicha, AQSH kiberxavfsizlik masalalaridan Xitoyni “qoralash yoki obro‘sizlantirish” uchun foydalanmoqda.
Tergov hujjatlariga ko‘ra, xakerlar kamida 2018 yildan beri AQSH va boshqa mamlakatlardagi muhim infratuzilma hamda maxfiy tarmoqlarga kirish uchun o‘zlari ishlab chiqqan vositalardan foydalangan. Hujjatda ularning barcha hujumlari muvaffaqiyatli bo‘lmagani ham qayd etilgan.
Jumladan, 2019 yil avgust oyida xakerlar virtual xususiy tarmoqdagi zaiflikdan foydalanib, NASA tarmoqlariga kirishga uringan, ammo bu urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangan. 2024 yil sentyabrda esa Energetika vazirligining uchta laboratoriyasi, Milliy sog‘liqni saqlash institutlari, Sog‘liqni saqlash vazirligining bir agentligi va AQSHdagi xavfsizlik qurilmalari ishlab chiqaruvchisiga hujumlar amalga oshirilgan.
Bildirilishicha, AQSH Federal tergov byurosi, Milliy xavfsizlik agentligi va Kiberqo‘mondonlikning Milliy kiber missiya kuchlari ham xakerlik harakatlari haqida qo‘shma hisobot e’lon qilgan. Unda 2024 yil may oyida mudofaa sohasidagi pudratchilar, moliya tashkilotlari va universitetlardan ma’lumotlar o‘g‘irlangani aytilgan.
2026 yil mart oyida esa xakerlar AQSH Senati va mamlakatdagi shifoxonalardan birining tarmoqlaridagi zaifliklarni tekshirgan va ularga kirishga uringan, biroq bu harakatlar muvaffaqiyatsiz bo‘lgan.
Live
Barchasi