Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi O‘zbekistonga nima beradi?
Biznes
−
12 Oktabr 2022
18164Kaspiy dengiziga chiqadigan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi tovar ayirboshlash hajmini oshiradi va mintaqada yuk tashish xarajatlarini kamaytiradi. Bu fikrni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev kecha, 11 oktyabr kuni qirg‘izistonlik mavqedoshi Sadir Japarov bilan Bishkekda bo‘lib o‘tgan muzokaradan so‘ng matbuot bayonotida bildirdi.
“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Kaspiy yangi temir yo‘li qurilishi va foydalanishga topshirilishi bilan tovar ayirboshlash hajmini oshirish va yuklarni tashish tannarxini pasaytirish imkoniyatlari paydo bo‘ladi. Biz qardosh Qirg‘izistonni, shuningdek, boshqa hamkor davlatlarni bu muhim loyiha ishga tushirilishi bilan tabriklaymiz”, deydi Aliyev.
Ozarbayjon Prezidenti ikki davlat delegatsiyalari ishtirokidagi uchrashuvda bu temir yo‘l Xitoy, Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya orqali o‘tib, keyin Yevropa davlatlariga o‘tuvchi O‘rta yo‘lak yoki Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishining bir qismiga aylanishini urg‘uladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonda allaqachon keng transport infratuzilmasi – temir yo‘l, avtomobil va havo – Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyati mavjud.
“Asosiysi, mintaqangizda va G‘arbiy Kaspiy mintaqasida amalga oshirilayotgan barcha loyihalar sinxronlashtirilishi kerak, shunda biz port imkoniyatlarini kengaytirishni rejalashtira olamiz”, deydi u.
Shu munosabat bilan Aliyev Ozarbayjondagi Alyat dengiz portining yuk tashish quvvatini 15 million tonnadan 25 million tonnagacha kengaytirish rejalarini ma’lum qildi.
“Aslida, bunday rejalar boshidanoq bor edi, lekin biz bunga uzoq, uzoq kelajak deb qaradik. Ammo bugun, ba’zi kunlarda portda hatto tirbandliklar ham bo‘lmoqda, chunki yuk hajmi tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda”, deydi davlat rahbari.
2022 yil sentyabr oyida Qirg‘iziston, Xitoy va O‘zbekiston temir yo‘l qurilishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolagan edi. Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yangi temir yo‘l koridori Yevroosiyo qit’a ko‘prigining janubiy tarmog‘iga aylanadi va Janubi-Sharqiy, G‘arbiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga ochiq yo‘l ochadi. Bu yo‘nalish Xitoydan Qirg‘izistonga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan Turkiyaga va undan keyin Yevropa Ittifoqi davlatlariga yuklarni yetkazib berishni ta’minlaydi.
LiveBarchasi