Xitoy ikki dushmanni yarashtirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Kecha, 10 mart kuni Eron va Saudiya Arabistoni Fors ko‘rfazidagi barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solgan, Yamandan Suriyagacha bo‘lgan Yaqin Sharqdagi mojarolarni kuchayishiga olib kelgan ko‘p yillik dushmanlikdan so‘ng munosabatlarni tiklashga kelishib oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Pekinda ikki raqib Yaqin Sharq davlatining yuqori darajadagi xavfsizlik amaldorlari o‘rtasida Xitoy vositachiligida tuzilgan bitim to‘rt kun muqaddam noma’lum bo‘lgan muzokaralardan so‘ng e’lon qilingan. Eron, Saudiya Arabistoni va Xitoy tomonidan e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Tehron va Ar-Riyod ikki oy ichida diplomatik munosabatlarni tiklash va elchixonalarni qayta ochishga kelishib olgan. Tomonlar davlatlar suverenitetini hurmat qilish va ichki ishlarga aralashmaslikka kelishib olgan. 

Manbaga ko‘ra, shartnoma Eronning xavfsizlik bo‘yicha oliy amaldori Ali Shamxaniy va Saudiya Arabistoni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Musaid bin Muhammad Al-Aybon tomonidan imzolangan. Unda 2001 yildagi xavfsizlik sohasida hamkorlik shartnomasini, shuningdek, savdo, iqtisod va sarmoya bo‘yicha boshqa bir shartnomani qayta faollashtirishga kelishib olingan.

Shuningdek, muzokaralarda vositachilik qilgan Xitoy bosh diplomati Van I kelishuvni muloqot va tinchlik g‘alabasi sifatida baholab, Pekin og‘ir global muammolarni hal qilishda konstruktiv rol o‘ynashda davom etishini qo‘shimcha qilgan.

Eron va Saudiya nega dushman edi?

Saudiya Arabistoni va Eron orasidagi aloqalar 2016 yilda buzilgan. O‘shanda Ar-Riyodda shia musulmon ulamosini qatl etishi ortidan ikki davlat o‘rtasidagi mojaro kelib chiqqan. Kelishmovchiliklar paytida Tehrondagi Saudiya elchixonasiga bostirib kirilishi ortidan Ar-Riyodning Eron bilan aloqalari uzilgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni 2019 yilda Eronni neft inshootlariga raketa va dron zarbalarini amalga oshirish hamda Fors ko‘rfazi suvlaridagi tankerlarga hujum qilishda ayblagan. Eron ayblovlarni rad etgan.

Bundan tashqari, Yamandagi Eronga aloqador bo‘lgan hutiylar harakati ham Saudiya Arabistoniga transchegaraviy raketa va dron hujumlarini amalga oshirgan. Saudiya shu paytda husiylarga qarshi kurashayotgan koalitsiyaga rahbarlik qilayotgan edi.  Bunday zarbalar 2022 yilda Birlashgan Arab Amirliklariga qarata ham berilgan.

Bunga dunyo nima deydi?

Fors ko‘rfazidagi muhim o‘yinchilardan biri Amerika Qo‘shma Shtatlari sanaladi. Mintaqadagi ikki davlatning AQSH ishtirokisiz, bundan tashqari uning raqibi bo‘lmish Xitoy vositachiligida kelishuvga erishgani Oq uy uchun signal bo‘lishi aniq. 

Ta’kidlash joizki, Ar-Riyod va Vashington o‘rtasidagi uzoq yillik strategik aloqalar Prezident Jo Bayden ma’muriyati davrida qirollikdagi inson huquqlari ahvoli, Yaman urushi, Rossiya bilan aloqalari tufayli keskinlashgan.

Bundan farqli o‘laroq, Saudiya Arabistonining Xitoy bilan aloqalari tobora kuchayib borayotgani 3 oy muqaddam Rais Si Szinpinning Ar-Riyodga tashrifi bilan yaqqol namoyon bo‘lgan. 

Fors ko‘rfazi davlatlari Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Qatar, Bahrayn va Quvayt, shuningdek, Iroq, Misr va Turkiya ham Saudiya-Eron aloqalarining tiklanganini olqishlagan. Bundan tashqari, Yamandagi hutiylar va Livandagi Eron bilan ittifoqchi “Hizbulloh” harakati ham kelishuvni muaffaqiyatli deb topgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Saudiya Arabistoni Xitoy Fors ko'rfazi Yaqin Sharq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing