Xitoy Filippin yaqinidagi orolni egallab oldi

Olam

image

Xitoy sohil qo‘riqchilari Janubiy Xitoy dengizidagi Spratli arxipelagiga kiruvchi, Filippinning muhim tayanch punktlaridan biridan atigi bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan kimsasiz Sendi-Key orolini egallab oldi. Bu haqda CCTV xabar berdi.

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy sohil qo‘riqchilari ofitserlari orolda Xitoy Xalq Respublikasining bayrog‘ini o‘rnatib, “suverenitetni e’lon qilish va Filippin tomonidan amalga oshirilgan noqonuniy faoliyatning video-dalillarini yig‘ish” uchun harakat qilgan.

“Bloomberg”ning yozishicha, gap Filippin vakillari tomonidan qoldirilgan chiqindilar haqida bormoqda. CCTV shuningdek, Xitoy sohil qo‘riqchilari orolga tushib, Xitoy bayrog‘ini o‘rnatayotganini aks ettiruvchi kadrlarni namoyish etdi.

Ma’lumot uchun, Sendi-Key – maydoni 200 kvadrat metrdan kamroq bo‘lgan qumtepalik. “Financial Times”ning yozishicha, orol Xitoy uchun strategik ahamiyatga ega. Xalqaro dengiz huquqi bo‘yicha, Xitoy orolni egallash orqali uning atrofidagi 12 dengiz mili (taxminan 22 kilometr) radiusdagi hududiy suvlarga ham nazorat o‘rnatadi. Bu hudud ichiga Titu oroli ham kiradi. Titu oroli orqali Filippin Xitoy faoliyatini kuzatib boradi va bu yerda Manilaning 2023 yildan buyon boshqarib kelayotgan muhim tayanch punkti joylashgan. Hozirda u yerda uchish-qo‘nish yo‘lagi va boshqa infratuzilmalar modernizatsiya qilinmoqda.

Ayni vaqtda Sendi-Key orolida Xitoyning doimiy harbiy yoki fuqarolik mavjudligi belgilari yo‘q. Filippin dengiz xavfsizligi vakilining ma’lum qilishicha, Xitoy sohil qo‘riqchilari bayroq o‘rnatgach, orolni tark etgan.

Xitoy sohil qo‘riqchilarining bu harakati Filippin va AQSHning eng yirik yillik harbiy mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytiga to‘g‘ri keldi. Mashg‘ulotlar bugun, 28 aprel kuni boshlanadi va Spratli arxipelagiga yaqin Filippin hududida qirg‘oq mudofaasi va orol egallash bo‘yicha mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Filippin va Amerika Qo‘shma Shtatlari Xitoy yaqinidagi Nueva-Esixa shahrida “Salaknib and Balikatan” (SABAK) deb nomlangan yillik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazgandi. Har yili o‘tkaziladigan SABAK mashg‘ulotlarining ushbu bosqichida Filippin armiyasidan 3000 ga yaqin va AQSH Tinch okeani armiyasidan (USARPAC) 2000 ga yaqin askar ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Filippin Sendi-Key oroli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing