Xitoy dunyodagi eng katta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirdi
Olam
−
18 iyun
15671Xitoyda yer yuzidagi eng ulkan, maydoni Nyu-York bilan teng bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu haqda “Independent” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, stansiya yiliga 6 milliard kilovatt-soatdan ortiq energiya ishlab chiqarishga qodir va bu hajm kichik bir mamlakatni energiya bilan to‘laqonli ta’minlash uchun yetarli. Mazkur elektr stansiyasi Shinjonning g‘arbiy qismidagi cho‘l hududida joylashgan bo‘lib, 33 ming gektar maydonni egallaydi.
Qayd etilishicha, Xitoy bugun quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchisi bo‘lib, 2023 yilda o‘z quvvatini 50 foizdan ko‘proqqa oshirgan. Yangi quyosh elektr stansiyasi Xitoyda joylashgan Ningxia Teneggeli va Golmud Vutumeyren loyihalarini ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik stansiyaga aylandi.
Xalqaro energetika agentligi (XEA) ham Xitoyning energiya siyosatiga oid ayrim taxminlarni ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, Chin o‘lkasi 2028 yilga kelib butun dunyo bo‘ylab ishlab chiqariladigan qayta tiklanuvchi energiyaning qariyb 60 foiziga egalik qiladi. Bundan tashqari, Xitoy 2030 yilga kelib dunyo uchun zarur bo‘lgan yangi quvvatlarning yarmidan ko‘pini ishlab chiqarishni ham rejalashtirmoqda.
Longi Green Energy Texnology’ning 2023 yilgi hisob-kitoblariga ko‘ra esa, yaqin kelajakda Xitoy tomlar va binolarga quyosh panellarini o‘rnatish orqali butun Janubi-Sharqiy Osiyodagi barcha uy xo‘jaliklarini quvvatlantirish uchun yetarli miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Shu bilan birga, Xitoyda quyosh panellari ishlab chiqarishning jadal tarzda kengayishi global bozorda ortiqcha energiya hosil qilishi va oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni ham kuchaytirmoqda.
LiveBarchasi