Xitoy Chexiya Prezidenti bilan aloqalarni uzdi
Olam
−
12 avgust 10974 1 daqiqa
Xitoy Hindistonda Tibetning diniy rahbari Dalay-Lama XIV bilan uchrashganidan so‘ng Chexiya Prezidenti Petr Pavel bilan aloqalarni uzdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Lin Szyan ma’lum qildi.
Szyanga ko‘ra, ushbu safar Chexiya yetakchisining Xitoy suvereniteti va hududiy yaxlitligiga zarar yetkazgan.
“Xitoyning bir necha bor bildirgan noroziliklariga va qat’iy e’tirozlariga qaramay, Chexiya Prezidenti Petr Pavel Dalay-Lama bilan uchrashish uchun Hindistonga bordi. Bu Chexiya hukumati Xitoy hukumatiga nisbatan olgan siyosiy majburiyatlariga jiddiy zid keladi va Xitoyning suvereniteti, hududiy yaxlitligiga zarar yetkazadi”, degan Xitoy vakili.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy bunday uchrashuvlarni qat’iyan qoralaydi, bunga qarshi chiqadi hamda Chexiya tomoniga norozilik bildiradi.
Ma’lumot uchun, Tibet qadimda o‘z hukmdorlari va diniy rahbarlari bo‘lgan hudud bo‘lib, 1950 yilda Xitoy Tibetga qo‘shin kiritib, uni o‘z tarkibiga qo‘shdi va avtonomiya maqomi berdi. 1959 yilda Xitoy hukmronligiga qarshi qo‘zg‘olon bostirilgach, Tibetning diniy rahbari Dalay-Lama XIV Hindistonga qochib, u yerdan Tibet hukumatini boshqardi. Tibetliklar uchun Dalay-Lama diniy rahbar sanalsa-da, Xitoy uni “siyosiy separatist” deb hisoblaydi va xalqaro miqyosda yakkalashga intiladi. Pekin nazarida Dalay-Lama bilan uchrashish Tibetni Xitoydan mustaqil, deb tan olishga o‘xshaydi.
Live
Barchasi