Xitoy arab davlatlari bilan dolzarb muammolar bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor - Si Szinpin 

Olam

image

Pekindagi Dyaoyuytay qarorgohida Xitoy-Arab hamkorlik forumining 10-vazirlar yig‘ilishi ochildi. Ochilish marosimida Xitoy Raisi Si Szinpin asosiy nutq so‘zladi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, Xitoy birinchi Xitoy-Arab sammiti natijalari amalga oshirilayotganidan mamnun va arab tomoni bilan birgalikda Xitoy-arab munosabatlarini rivojlantirishga ko‘maklashishda davom etishga tayyor. Si Szinpin Xitoy-Arab davlatlari 2-sammiti 2026 yilda Xitoyda o‘tkazilishini ma’lum qildi. U mazkur tadbir tomonlarni yaqinlashtirishda yana bir muhim bosqichga aylanishiga umid bildirdi.

"Xitoy BMT Nizomi tamoyillarini hurmat qilish, barcha mamlakatlar xalqining mustaqil tanlovini hurmat qilish va ob’ektiv voqelikni hisobga olgan holda tarix tomonidan shakllantirilgan, uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikka hissa qo‘shadigan eng dolzarb muammolarga adolatli yechimlarni izlashda arab davlatlari bilan hamkorlik qilishga tayyor", deydi u.

Xitoy Xalq Respublikasi raisi respublika arab davlatlari bilan birgalikda teng va tartibli ko‘p qutblilik va inklyuziv iqtisodiy globallashuvni himoya qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

“Xitoy arab davlatlari bilan teng va tartibli ko‘p qutbli dunyo va inklyuziv iqtisodiy globallashuvni birgalikda qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, global boshqaruvda Janub-Janub hamkorligi modelini yaratish uchun hamkorlik qilishga tayyor”, degan Si Szinpin.

Si Szinpinning Xitoy-Arab hamkorligi forumining 10-vazirlar yig‘ilishining ochilishidagi asosiy fikrlari:

  • Xitoy arab tomoni bilan sog‘liqni saqlash, sun’iy intellekt, yashil rivojlanish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, shuningdek, kosmik va axborot texnologiyalari kabi sohalarda 10 ta qo‘shma laboratoriya quradi.
  • XXR sarmoyaviy va moliyaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytiradi, sanoat va sarmoyaviy hamkorlik forumini yaratadi.
  • Pekin arab tomoni bilan neft va gaz sohasida strategik hamkorlikni yanada mustahkamlaydi va ta’minot xavfsizligini bozor xavfsizligi bilan birlashtiradi.
  • Xitoy umumiy qiymati 414 million dollar bo‘lgan rivojlanish sohasidagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishda davom etadi.
  • Xitoy arab tomoni bilan global sivilizatsiya tashabbusi uchun Xitoy-Arab markazini yaratishga tayyor. Xitoy har yili arab siyosiy partiyalarining 200 nafar yetakchisini kelgusi hamkorlik uchun mamlakatga tashrif buyurishga taklif qiladi

Shuningdek, Si Szinpin Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining Misrga tashrif buyurish taklifini qabul qildi. Ikki davlat rahbarlarining muzokaralari yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma bayonotda ta’kidlanishicha, bu safar yaqin kelajakda amalga oshiriladi.

“Prezident as-Sisi Rais Si Szinpin tomonidan ko‘rsatilgan samimiy qabul va saxovatli mehmondo‘stlik uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi va uni Misrga tashrif buyurishga taklif qildi. Si Szinpin taklifni qabul qilib, Misrga tashrif buyurishga tayyorligini bildirdi”, deyiladi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Belgilanganidek, Xitoy Xalq Respublikasi raisi ushbu tashrifni “imkon qadar tezroq va har ikki tomon uchun qulay vaqtda” amalga oshiradi.

As-Sisi 28-31 may kunlari davlat tashrifi bilan Xitoyda bo‘lib turibdi. Ikki davlat rahbarlari muzokaralar o‘tkazdi, ikki tomonlama hamkorlikni qator yo‘nalishlarda rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Ular ko‘p tomonlama formatlarda o‘zaro hamkorlik qilishda muvofiqlashtirishni kuchaytirishga kelishib, qator xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Si Tszin'pin Pekin arab davlatlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing