Xitoy AQSHning ikki kompaniyasiga nisbatan sanksiya joriy etdi
Olam
−
21 fevral 2022
10156Xitoy hukumati Amerikaning “Raytheon Technologies” va “Lockheed Martin” kompaniyalariga Tayvanga qurol yetkazib bergani uchun sanksiyalar joriy etishga qaror qildi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbin ma’lum qildi.
“Xitoy hukumati “XXR suvereniteti va uning xavfsizlik manfaatlarini himoya qilish maqsadida xorijiy sanksiyalarga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, Tayvanga uzoq vaqtdan buyon qurol yetkazib berishda ishtirok etib kelayotgan AQSHning “Raytheon Technologies” va “Lockheed Martin” mudofaa kompaniyalariga qarshi choralar ko‘rishga qaror qildi", deya ta’kidlaydi u.
Xitoy TIV rasmiy vakili AQSHni Tayvanga qurol yetkazib berishni to‘xtatishga va Tayvan bilan barcha harbiy aloqalarni uzishga chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, Tayvanga qurol sotish “yagona Xitoy” tamoyilini qo‘pol ravishda buzadi, Xitoy suvereniteti va xavfsizlik manfaatlariga, Pekin va Vashington o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga, shuningdek, Tayvan bo‘g‘ozi hududida tinchlik va barqarorlikka jiddiy zarar etkazadi.
Avvalroq, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashining Tayvan ishlari bo‘yicha boshqarmasi matbuot kotibi Chju Fenlyan orol ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Uilyam Lay (Lay Sinde) Gondurasda AQSH vitse-prezidenti Kamola Xarris bilan uchrashganiga izoh berar ekan, Xitoy Qo‘shma Shtatlarni Tayvan masalasida olov bilan o‘ynashni to‘xtatishga chaqirgandi.
XXR markaziy hukumati va uning Tayvan o‘rtasidagi rasmiy munosabatlar 1949 yilda, Xitoy Kommunistik partiyasi bilan fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragan Chang Kayshi boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlari Tayvanga ko‘chib o‘tgandan so‘ng uzilgan. Orol va materik Xitoy o‘rtasidagi biznes va norasmiy aloqalar 1980-yillarning oxirida qayta tiklandi. 1990-yillarning boshidan boshlab tomonlar nodavlat tashkilotlar – Tayvan bo‘g‘ozi orqali aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha Pekin assotsiatsiyasi va Bo‘g‘ozlar bo‘ylab almashinuv bo‘yicha Taypey jamg‘armasi orqali aloqa o‘rnatishni boshladilar.
LiveBarchasi