Xitoy AQSHni Tayvanga qurol yetkazishni to‘xtatishga chaqirdi
Olam
−
03 mart 2023 6499 1 daqiqa
Avval xabar berganimizdek, AQSH Davlat departamenti Tayvanga 619 million dollarlik F-16 rusumli qiruvchi samolyot va boshqa tizimlarni sotishga ruxsat bergan edi. Xitoy tarafi esa AQSHning bu harakatiga keskin norozilik bildiradi. Bu haqda bugun, 3 mart kuni Xitoy Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Tan Kefey ma’lum qildi.
“Biz Xitoy Tayvaniga qurol-aslaha sotilishiga qat’iy qarshimiz. Biz AQSHdan Tayvanga qurol sotishni va orol bilan harbiy aloqani to‘xtatishni talab qilamiz”, deydi Tan Kefey WeChat’dagi sahifasida.
Shuningdek, u Vashingtondan Tayvan masalasiga aralashib, orol atrofidagi keskinlikni kuchaytirishni to‘xtatishni so‘ragan. Tan Kefeyning aytishicha, AQSHning Tayvanga 600 million dollardan ortiq qurol yetkazib berish bo‘yicha so‘nggi rejalari munosabati bilan Xitoy Amerika tomoniga jiddiy bayonot bergan.
“Xitoy xalq-ozodlik armiyasi “mustaqillik” tarafdorlarining provokatsiyalari va tashqi kuchlar aralashuvi bo‘lsa, har doim javob zarba berishga tayyor. Xitoy armiyasi milliy suverenitet va hududiy yaxlitlikni qat’iy himoya qiladi”, degan Mudofaa vazirligi vakili.
Ma’lumot uchun, AQSH Davlat departamenti ruxsat bergan Tayvanga qurol sotish to‘g‘risidagi shartnoma Kongress tomonidan tasdiqlanishi kerak. Qonun chiqaruvchi organda shartnomani tasdiqlash yoki rad etish uchun 30 kun vaqt bor.
Live
Barchasi