Xitoy aholisi ketma-ket ikkinchi yil kamayib bormoqda

Olam

image

2023 yilda Xitoyning umumiy aholisi 2,08 million kishiga qisqardi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat statistika boshqarmasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Aholining kamayishiga sabab tug‘ilishning rekord darajada pasaygani va koronavirusga qarshi qat’iy choralar bekor qilinganidan keyin virusdan vafot etganlar ko‘rsatkichining ortishi bo‘lgan. O‘tgan yili jami o‘limlar soni 6,6 foizga o‘sib, 11,1 millionga yetdi. Uning darajasi 1974 yildan beri eng yuqori darajaga yetdi.

Xitoyda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni ham 5,7 foizga kamayib, 9,02 millionga yetdi, tug‘ilish koeffitsiyenti esa rekord darajada past bo‘ldi — har ming kishiga 6,39 bola. 1980 yildan 2015 yilgacha olib borilgan bir bola siyosati va bu davrda jadal urbanizatsiya natijasida mamlakatda tug‘ilish darajasi o‘nlab yillar davomida tushib bormoqda.

Xitoyning erkak aholisi 720,32 million kishiga (0,2 foizga pasayish), ayollar 689,35 million kishiga (0,04 foizga kamayish) yetdi. Mehnat yoshidagi (16 yoshdan 59 yoshgacha) fuqarolar ulushi 61,3 foizni tashkil etdi – 2022 yilga nisbatan 0,7 foiz punktga kam. Mamlakatda 65 yoshdan oshgan 216,76 million kishi bo‘lib, ularning soni 3,3 foizga oshgan.

Yaponiya va Janubiy Koreyadagi avvalgi iqtisodiy yuksalishlarda bo‘lgani kabi, ko‘p sonli odamlar Xitoy qishloqlaridan farzand ko‘rish qimmatroq bo‘lgan shaharlarga ko‘chib o‘tishgan.

2022 yilda Yaponiyada tug‘ilish koeffitsiyenti 1000 kishiga 6,3, Janubiy Koreyada esa 4,9 ni tashkil qildi. E’lon qilingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda Xitoy shaharlari aholisi 1,2 foizga o‘sib, 932,67 million kishiga yetgan. Qishloq joylarda 477 million kishi istiqomat qiladi (2,8 foizga kamaygan).

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Hindiston o‘tgan yili Xitoyni ortda qoldirib, dunyoning eng ko‘p aholisi bo‘lgan davlatga aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari Xitoy aholisi 2050 yilga borib 109 millionga qisqarishini kutmoqda. Bu esa 2019 yildagi oldingi prognozdan uch baravar ko‘p.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing