Xitoy Hormuz bo‘g‘ozini tezroq ochishga chaqirdi

Olam

image

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I eronlik mavqedoshi Abbos Aroqchi bilan muzokaralar chog‘ida Hormuz bo‘g‘ozini imkon qadar tezroq qayta ochishga chaqirgan. Buni u bugun, 6 may kuni Aroqchining Eron urushi boshlanganidan beri Xitoyga amalga oshirgan ilk tashrifidagi uchrashuvda aytdi.

Van I eronlik hamkasbiga doimiy tinchlikka erishishni shoshilinch ustuvor vazifa deb, muzokaralarni davom ettirish muhimligini ta’kidlagan. U, shuningdek, Pekin keskinlikni pasaytirishga yordam berishga tayyorligini bildirgan. Bu uchrashuv AQSH Prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kutilgan sammitdan bir hafta oldin o‘tkazildi. Unda Eron urushi va Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

“Xitoy fikricha, to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga erishish shoshilinch vazifadir. Harbiy harakatlarni qayta boshlash esa yanada noto‘g‘ri qaror”, degan Van I davlat OAVsining ma’lumotiga ko‘ra.

Uning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat Hormuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz va odatiy dengiz qatnovini tiklashdan manfaatdor. Xitoy esa tegishli tomonlarni bu chaqiriqqa tezroq javob berishga chaqirmoqda. Pekin mojaroga chuqur aralashmasdan turib vositachilik qilishga urinmoqda va bir necha bor AQSH hamda Eronni muzokaralarga chaqirgan. Van I ham bu pozitsiyani yana bir bor tasdiqlagan.

Xitoy tomoni, shuningdek, Eronning yadroviy qurol ishlab chiqmaslik bo‘yicha majburiyatini qadrlashini aytgan. Eron Tashqi ishlar vaziri esa ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanishini ta’kidlagan. Ma’lum qilinishicha, Tramp va eronlik rasmiylar aprel oyida Pokiston vositachiligida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvida Xitoyning roli bo‘lganini tan olgan.

Ma’lumot uchun, Hormuz bo‘g‘ozi – jahon neftining katta qismi tashiladigan muhim dengiz yo‘li bo‘lib, urush boshlanganidan beri Eron va AQSH tomonidan joriy etilgan cheklovlar sabab deyarli yopiq holatga kelgan. Xitoy esa Eron neftining yirik xaridorlaridan biri hisoblanadi. 2025 yilda mamlakat Erondan kuniga 1,38 million barrel neft import qilgan, bu esa umumiy importning taxminan 12 foizini tashkil etgan.

Shunga qaramasdan, Tramp Oq uyda jurnalistlarga Xitoy rahbari juda hurmat bilan munosabatda bo‘lyotganini aytgan va Pekin AQSHga qarshi chiqmayotganini ta’kidlagan. 

Agar dunyodagi ikki yirik iqtisodiyot rahbarlari o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuv chindan ham bo‘lib o‘tsa, qariyb 10 yil ichida AQSH prezidentining Xitoyga ilk tashrifi bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy o‘z mamlakatidagi kompaniyalarga Eron nefti savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan beshta Xitoy neftni qayta ishlash zavodiga (NQIZ) nisbatan qo‘llangan AQSH sanksiyalariga amal qilmaslikni buyurgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Xitoy muzokara Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing