Xitoy Hindistonni o‘z suverenitetini buzishda aybladi
Olam
−
31 avgust 2020
8436Xitoy-Hindiston chegarasida yana ziddiyatli vaziyat yuzaga keldi. Rasmiy Pekin hindistonlik harbiylar chegara nazorat hududini noqonuniy kesib o‘tganiga norozilik bildirdi. Bu haqda Xitoy Mudofaa vazirligi shunday bayonot bilan chiqdi.
“31 avgust kuni hind askarlari ikki tomon turli darajadagi muzokaralar natijasida erishgan kelishuvga zid ravishda Pangong-So ko‘lining o‘ng sohilidagi chegara nazorat chizig‘ini noqonuniy kesib o‘tishdi. Bu ochiqcha tashviqot va chegara hududida keskinlikni oshirishdir”, deyiladi Xitoy tomoni bayonotida.
Bayonotda Hindiston Xitoyning hududiy yaxlitligini buzishda ayblangan.
Hindiston Mudofaa vazirligi avvalroq, Ladax regionida Xitoy harbiylari bilan qurolli to‘qnashuv yuz bergani haqida ma’lum qilgandi. Hozirda ikki davlat bayonotida ayni hodisalar haqida gap ketyaptimi yoki yo‘q, aniqlik kiritilmagan.
Ma’lumot uchun, Ladaxda vaziyat joriy yilning may oyidayoq yomonlashgandi. Bunga ikki davlat harbiylari tog‘ ustidagi Pangong ko‘li atrofida to‘qnashishi sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng, Xitoy va Hindiston chegaradagi harbiylari sonini orttirgandi.
Mojaroning yangi to‘lqini 15 iyunda Galvan vodiysida harbiylar janjallashganidan keyin boshlangandi. Janjaldan so‘ng, Hindiston 20 nafar askari halok bo‘lganini ma’lum qildi. Xitoy esa qurbonlar va jabrlanuvchilar haqida ma’lumot bermadi.
Harbiy qo‘mondonlari va diplomatlarning muzokaralaridan so‘ng, ikki davlat harbiylari avvalgi nuqtasiga qaytdi. Ammo mojaro to‘lig‘icha bartaraf etilmadi.
LiveBarchasi