Xitoy harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi
Olam
−
03 mart 955 1 daqiqa
Xitoy Xalq Respublikasi Yaqin Sharqdagi mojaro kengayib borayotgani fonida barcha tomonlarni harbiy amaliyotlarni darhol to‘xtatishga chaqirdi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ninning bayonotiga ko‘ra, vaziyatning qo‘shni davlatlarga tarqalishi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu haqda APP yozdi.
Bayonot Eron tomonidan AQSH harbiy ob’ektlari va Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi davlatlaridagi nishonlarga raketa hamda dronlar bilan zarba berilganidan keyin yangragan. Tehron bu harakatni Vashington va Tel-Avivning qo‘shma zarbalariga javob sifatida izohlagan.
Mao AQSH va Isroil hujumlari BMT Xavfsizlik Kengashi ruxsatisiz o‘tkazilganini aytib, buni xalqaro huquq normalarini buzish deb baholagan. Shuningdek, u Fors ko‘rfazi davlatlarining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi shartligini ta’kidlagan.
Pekin Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi Tashqi ishlar vazirlarining favqulodda yig‘ilishi natijalarini qo‘llab-quvvatlab, inqirozni faqat muloqot va diplomatiya orqali hal etish mumkinligini urg‘ulagan. Mintaqa davlatlari o‘zaro muvofiqlashuvni kuchaytirishga, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosida barqarorlikni ta’minlashga chaqirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘ldirilishini BMT Nizomining maqsad va tamoyillarini hamda xalqaro munosabatlarning asosiy normalarini poymol qilish deb baholagan edi.
Live
Barchasi