Shavkat Mirziyoyev g‘alaba kuni bilan Putinni tabrikladi
Jamiyat
−
07 may 2020
6854O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida ikki davlat rahbari yaqinlashib kelayotgan bayram – fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, ikki mamlakatning jasoratli faxriylariga, do‘st xalqlariga sog‘lik-omonlik va farovonlik tiladi.
Urushda yelkama-yelka kurashgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan ota-bobolarimizning mardligi va qahramonligi avlodlarning minnatdor xotirasida abadiy qolishi alohida ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdi.
Ko‘p qirrali hamkorlik, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatga qaramay, ikki mamlakatning o‘zaro savdo hajmi ortib bormoqda. Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, transport sohasida, shuningdek, infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha muhim investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi kooperatsiya kuchaymoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar, fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport sohalaridagi hamkorlik kengaymoqda.
Prezidentlar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarni puxta tayyorlash muhimligiga e’tibor qaratishdi. Global inqirozning salbiy oqibatlari iqtisodiy hamkorlik sur’atiga ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida sa’y-harakatlarni yanada birlashtirish va oldindan chora ko‘rish muhimligi qayd etildi. Hukumat rahbarlari darajasida Qo‘shma komissiya va Hukumatlararo komissiya doirasidagi ishlar davom ettiriladi.
Muloqotda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilindi. Inqirozga qarshi kurashish, shu jumladan, aholiga manzilli yordam ko‘rsatish va ijtimoiy kafolatlarni kuchaytirish, biznesga har tomonlama ko‘maklashish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash, cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatish borasida ikkala mamlakatda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari pandemiyaga qarshi samarali kurashish maqsadida sa’y-harakatlarni o‘zaro muvofiqlashtirib borishi va yaqindan hamkorlikni davom ettirishi muhimligi ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.
LiveBarchasi