XDP va ASDP mashmashasi: O‘zbekiston tarixida ilk bor 3-qayta saylov bo‘lishi mumkinmi?
Tahlil
−
25 yanvar 2020
9605QALAMPIR.UZ saytida “XDP va ASDP kurashi: saylov tugab mashmashasi davom etmoqda” nomli maqola e’lon qilingandi. Unda Xalq demokratik partiyasidan nomzodi qo‘yilgan Akmal Karimov saylov natijalari bo‘yicha g‘olib sanalsa-da, yakuniy natijada “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakili Umid Shoumarov g‘olib bo‘lgani va bu holat norozilik keltirib chiqargani tilga olingandi.
Mazkur ish bo‘yicha joriy yilning 18 yanvar kuni Toshkent viloyati Nurafshon shahar ma’muriy sudi hal qiluv qarorini e’lon qildi. Raislik qiluvchi sudya X.Hamidov barcha saylov uchastkalari raislari hamda 47-saylov okrugi saylov komissiyasi raisini sudga chaqirtirib, holat yuzasidan birma-bir savol-javob qildi. 168-saylov uchastkasidan boshqa barcha saylov uchastkalari natijalari to‘g‘ri hisoblangani ma’lum bo‘ldi.
168-saylov uchastkasida kotiba sifatida qatnashgan S.Musayeva o‘sha kungi natijalar bo‘yicha XDP vakili Akmal Karimov 213:99 nisbatda ASDP vakili Umid Shoumarov ustidan g‘olib bo‘lganini aytdi. Akmal Karimov tomonidan taqdim qilingan natija haqiqiy ekanini bildirdi. Biroq 47-saylov okrugiga taqdim qilingan 113:199 nisbatdagi saylov natijasi qanday paydo bo‘lib qolganini bilmasligini tushuntirdi. Buni mazkur saylov uchastkasi komissiya a’zolari F.Rasulov, F.Kurbanovlar ham tasdiqladi.
Shuningdek, mazkur saylov komissiyasi a’zosi A.Usmanov haqiqatan ham natijalar bo‘yicha XDP vakili Akmal Karimov g‘olib bo‘lganligi, keyinchalik paydo bo‘lib qolgan 113:199 nisbatdagi saylov natijasiga shubhasi borligi va unga qo‘yilgan imzo uning imzosiga o‘xshashligini ta’kidladi. Ammo yakuniy natija bayonnomalaridagi farqlarni tushuntirib bera olmasligini bildirdi.
Sud majlisida javobgar sifatida jalb qilingan 47-Nurafshon okrug saylov komissiyasining raisi I.Artikbayevga ko‘ra, o‘sha kuni 12ta saylov uchastkasida qayta saylov o‘tkazilgan. Saylov tugagach, jami 24ta bayonnoma unga taqdim qilingan. Shu kuni kechki soat 22:00lardan keyin uning oldiga nomzodlar kelgani va bayonnomalardan nusxa berish chog‘ida, bayonnomalardan 5tasi (159, 160, 161, 164 va 170-saylov uchastkalaridan bittadan) kamayib qolganligi, qanday yo‘qolganini bilmasligini aytdi.
Taqdim qilingan natijalarda ASDP vakili Umid Shoumarovga 3649ta ovoz adashib yozib yuborilgani va umumiy natijalarga ko‘ra, Akmal Karimov 3648ta ovoz bilan aslida (sudda mavjud bayonnomalar qayta hisoblandi (168-saylov uchastkasidagi 113:199 nisbat vaqtincha to‘g‘ri deb hisoblanganda ham) 3647ta ovoz olgan Umid Shoumarov ustidan g‘olib bo‘lganini xulosa qilish mumkinligini bildirdi.
Sud majlisiga ASDPdan nomzodi qo‘yilgan Umid Shoumarov kelmadi. Sudga kelgan vakili Shoumarov mehnat ta’tilida ekani va O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridaligini ma’lum qildi.
Sud taraflarni tingladi. Sud xulosasiga ko‘ra, dastlab arizachi Karimov tomonidan taqdim kilingan 168-saylov uchastkasi bayonnomalari nusxalari va 47-Nurafshon saylov okrugi tomonidan sudga taqdim qilingan 168-saylov uchastkasi bayonnomalari orasida tafovut mavjud. Ya’ni, saylov natijalari yuzasidan keskin farq kiluvchi ikki xil bayonnoma aniqlandi.
47-Nurafshon saylov okrugi raisi I.Artikbayev tomonidan taqdim qilingan 168-saylov uchastkasi bayonnomasining bir nusxasida har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonida to‘g‘irlash mavjud bo‘lib, bayonnomaning ikkinchi nusxasi esa komissiyasi raisi, kotibasi va a’zolari tomonidan umuman imzolanmagan.
Bundan tashqari, 168-saylov uchastkasi a’zolari saylov yakunlanganidan so‘ng nomzod A.Karimov ishonchli vakiliga taqdim qilingan bayonnoma nusxasi va 47-Nurafshon saylov okrugida 168-saylov uchastkasi bo‘yicha mavjud bo‘lgan bayonnomadagi nomzodlarga ovoz berish grafasidagi raqamlar bir-biridan keskin farq kiladi.
Sud majlisida aniqlanishicha, sudga 47-Nurafshon saylov okrugi tomonidan taqdim etilgan 12 ta saylov uchastkasidan olingan bayonnomalardagi ovozlar hisoblab chiqilib, unga ko‘ra, 47-Nurafshon saylov okrugi tomonidan nomzod A.Karimovga 3648ta, nomzod U.Shoumarovga 3649ta ovoz berilganligi hakidagi bayonnoma tuzilgan bo‘lsa-da, bayonnomalardagi ovozlar soni A.Karimovga 3648ta, nomzod U.Shoumarovga 3647tani tashkil etadi. Mazkur holatda ham 47-Nurafshon saylov okrugining bayonnomasidagi raqamlar va sudda ko‘shib hisoblangan raqamlar bir-biridan farq qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining 60-moddasi (takroriy saylovni o‘tkazish asoslari va tartibi) 4-qismida “Konunchilik palatasi deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi quyidagi yo‘llarda o‘tkaziladi: - agar saylov okrugi buyicha saylov o‘tmagan yoxud haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa”, deb ko‘rsatilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, XDP vakili Akmal Karimovning arizasi qisman qanoatlantirildi. Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasining 2020 yil 7 yanvar kunidagi “Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashiga 8 ta saylov okrugidan takroriy ovoz berish natijasida saylangan deputatlarini ro‘yxatga olish tug‘risida”gi qarorining 47-Nurafshon saylov okrugiga oid qismi xaqiqiy emas deb topildi.
Toshkent viloyat saylov komissiyasi zimmasiga 47-Nurafshon saylov okrugida takroriy saylov o‘tkazish majburiyati yuklatildi.
Shundan so‘ng, ASDP Toshkent viloyat Kengashi Toshkent viloyat ma’muriy sudiga mazkur qaror ustidan apellyatsiya shikoyati kiritdi. Hozirda Toshkent viloyat ma’muriy sudida partiyalar ishi ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, sud shu kuni xususiy ajrim chiqardi. Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasining 47-saylov okrugi va 168-saylov uchastkasi mansabdor shaxslar, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining vakillari, saylov komissiyalari a’zolari va boshqa shaxslarning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 146-moddasida nazarda tutilgan, saylov hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash jinoyat alomatlari mavjudligiga baho beriladi.
Xususiy ajrim nusxasi ijro uchun Toshkent viloyati Nurafshon shahar prokuroriga, ma’lumot uchun Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasiga yuborildi.
Bosh prokuratura Matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur ish bilan Nurafshon shahar prokuraturasi shug‘ullanmoqda va uning nazoratini Toshkent viloyat prokuraturasi qiladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr