XDP Mirziyoyev g‘alabasini to‘la-to‘kis tan oladi – Maqsuda Vorisova

Jamiyat 3217

Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Maqsuda Vorisova va uning partiyasi saylovda katta farq bilan muvaffaqiyat qozongan Shavkat Mirziyoyev g‘alabasini  to‘la-to‘kis tan oldi. U bu haqda bugun, 25 oktyabr kuni Prezident saylovidagi ishtiroki natijalari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tdi.

“Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tgan saylov natijalari bo‘yicha Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev juda katta farq bilan g‘olib chiqqanini e’lon qildi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining nomzodi 6,6 foiz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Biz buni xalqimizning siyosiy irodasining amaldagi ifodasi, deb bilamiz va saylov natijalarini to‘la-to‘kis tan olamiz. Biz xalqimizning ushbu tanlovini hurmat qilamiz va qadrlaymiz”, deydi Vorisova.  

U so‘zida davom etarkan, Shavkat Mirziyoyev tomon idan ishlab chiqilgan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” xalq qalbidan chuqur o‘rin egallaganini va bundan keyin XDP ham xalq faravonligi uchun tinimsiz ishlashini ta’kidladi.

“Shu o‘rinda men xalqimizni ham hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev atroflarida birlashib, birgalikda olg‘a qadam bosishga chaqirib qolaman”, deydi XDP nomzodi. 

Maqsuda Vorisova so‘zini yakunlar ekan, saylov jarayonida ishtirok etgan har bir insonga, xalqaro kuzatuvchilarga, partiya a’zolariga va OAV vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 oktyabr kuni respublikada va O‘zbekistonning chet eldagi elchixonalarida Prezident saylovi bo‘lib o‘tgandi. Bugun, 25 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.

Murod Berdiyev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 40
Reyting: 2.9
t
×