Xayr, Ortiqxo‘jayev! Toshkentliklar uning ketishiga nima deydi?

Intervyu

Poytaxt Toshkentni 2018 yildan beri boshqarib kelayotgan hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning lavozimdan olinishi tarmoqlarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Kimdir uning ketganidan xursand bo‘lsa, yana kimdir poytaxt uchun undanda munosibroq hokim bo‘lmagani haqida gapirdi.

Xo‘sh, Toshkent aholisi va mehmonlari Ortiqxo‘jayevning ketishiga qanday munosabat bildiradi? Hokimlikning 5 yili mobaynida uning qanday xato-kamchiliklari va yutuqlarini ayta oladi? Ayni shu savollar bilan QALAMPIR.UZ poytaxt ko‘chalarida so‘rovnoma o‘tkazdi.

“Yomon bo‘ldi, bekorga bo‘shatdi. U Toshkent shahri uchun ancha ishlar qilib qo‘ygandi. Yana imkon berilib, sinab ko‘rish kerak edi”, deya o‘z munosabatini bildirdi aholi vakillaridan biri.

U kabi yana bir qancha poytaxtliklar Ortiqxo‘jayevning Toshkentda chiroq va gazning o‘chishiga aloqasi yo‘qligi, bu Energetika vazirligining vazifasi ekanini aytib, e’tiroz bildirdi. Sobiq hokimning yaxshi ishlari sifatida esa aholi shaharda baland imoratlar qurilgani, yangi qurilishlar sabab Toshkent ancha go‘zallashganini ko‘rsatdi. Shuningdek, ko‘plab odamlar hokim 400 nafar yetimlarga uy tarqatgani, ko‘plab insonlarni esa ish bilan ta’minlaganini ham qo‘shimcha qildi.

Respondentlar orasida Ortiqxo‘jayevning lavozimidan ozod etilganini qo‘llab-quvvatlaganlar ham oz emas. 

“Toshkent shahri talon-toroj bo‘lib ketdi. Chunki hokimning betartib qurilishlarga ruxsat berishi ortidan kommunal tarmoqlar ishlamay qoldi”, dedi sobiq hokimdan norozilardan biri.

Boshqa odamlar ham Jahongir Ortiqxo‘jayevning xato va kamchiliklari sifatida uning qurilish sohasidagi islohotlarini aytib o‘tar ekan, sifatsiz qurilishlar sabab elektr va gaz tarmog‘ida taqsimotning buzilganini ta’kidladi. Ularning aytishicha, shu sabab bugun minglab toshkentliklar sovuqda aziyat chekmoqda.

So‘rovnomaning to‘liq video shaklini QALAMPIR.UZ’ning Youtube sahifasida ko‘rishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent hokim Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing