Xavotirli bayonot. Ukraina sharqidagi aholi Rossiyaga evakuatsiya qilinmoqda

Olam

image

Ukrainaning sharqiy hududlarida joylashgan rossiyaparast, o‘zini suveren deya atovchi hududlar: Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasi (DXR) yetakchilari kecha, 18 fevral kuni aholini Rossiyaga evakuatsiya qilish haqida buyruq bergan. 

Ukraina tarkibidan ajralib chiqish harakatidan bo‘lgan ikki hudud joriy yilning 17 fevral kuni Ukraina harbiylari Donbassga hujum qilganini ro‘kach qilib, Kiyevni ayblamoqda. Ammo, rasmiy Kiyev ushbu LXR va DXR tomonidan Ukraina hududiga 60 marotaba o‘q uzilganini aytmoqda. Hatto, ba’zi hujumlar og‘ir artillerilar yordamida uyushtirilgani ma’lum qilinmoqda.

Ukraina hukumati mamlakat harbiylari sharqiy hududlarga hujum qilishni rejalashtirmaganini aytib, LXR va DXRni yolg‘on xabar tarqatishda ayblagan. 

LXR va DXR hujum boshlangani ortidan o‘z fuqarolarini Rossiya hududiga evakuatsiya qila boshlagan. 

Rossiyaparast Lugansk xalq respublikasining eng yuqori martabali amaldori Leonid Pasechnik urush boshlanganini aytib, hududdagi erkaklarni qo‘liga qurol olishga chaqirgan.

“Rossiya Federatsiyasi o‘z hududida Lugansk xalq respublikasi aholisini qabul qilish va joylashtirishga tayyor. Yana bir bor qo‘lida qurol ushlashga qodir barcha erkaklarni o‘z zaminini himoya qilishga chaqiraman”, deya xalqqa murojat qilgan Pasechnik.

G‘arb va Ukraina hukumati mustaqilligi tan olinmagan ikki hudud rahbarlarini Ukraina hujumni boshlaganini bahona qilib, Rossiya hujumga o‘tishi uchun sharoit yaratish maqsadida provakatsion xabarlar tarqatishda ayblamoqda. 

Vaziyat yumshash o‘rniga jiddiylashishi ortidan, G‘arb xavotirli bayonotlar bilan chiqmoqda. Ma’lum qilinishicha, Ukraina chegralari yaqinidan harbiylarni ortga qaytarishni boshlagani haqida bayonot bergan Kreml, qo‘shinlar sonini kamaytirish o‘rniga ular sonini 190 minga yetkazgan.

Boshqa tomondan, NATO va G‘arb Ukraina xavfsizligini ta’minlash borasida unga harbiy ko‘makni kuchaytirgan. NATOga a’zo Estoniya Mudofaa vazirining bildirishicha, mamlakat Ukraina hududiga tankka qarshi “Javelin” qurollarini yuborgan.

So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi. 

Eslatib o‘tamiz bundan avval, Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta “Jevelin” tankka qarshi o‘tochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan. 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

365

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing