Xavi “Barselona Afsonalari” ro‘yxatidan chiqarildi

Sport

image

“Barselona”ning sobiq futbolchisi va bosh murabbiyi Xavi Kataloniya klubining “Afsonalar” jamoasi safidan chetlatildi. Bu haqda AS nashri xabar berdi. 

Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, Xavi klub prezidentligi saylovlari arafasida bergan intervyusi ortidan Mayami va Seul shaharlarida o‘tkaziladigan “Barselona Afsonalari” jamoasining so‘nggi ikki uchrashuvi uchun tarkibga kiritilmagan.

O‘sha intervyuda Xavi klub prezidenti Joan Laportani tanqid qilgan hamda Laportaning sobiq qaynisi Alexandro Echevarriya klubda prezidentning o‘zidan ham ko‘proq ta’sir va vakolatga ega ekanini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, Echevarriya “Afsonalar” jamoasi o‘yinlariga futbolchilarni taklif qilish jarayoni uchun ham mas’ul hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, 46 yoshli Xavi “Barselona” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, 1997–2015 yillar davomida klub sharafini himoya qilgan. U kataloniyaliklar safida sakkiz marta Ispaniya chempionati va to‘rt marta UEFA Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, Xavi “Barselona” bosh murabbiyligida bir marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan.

Ispaniya milliy terma jamoasi bilan esa, Xavi bir marta Jahon chempionati, ikki marta Yevropa chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sohibi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Xavi “Barselona” Joan Laporta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing