Xavfsizlik - bo‘linmas, ishonch esa uning fundamental asosidir – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitida nutq so‘zladi hamda ishtirokchi mamlakatlarning tinchlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyev zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi tobora ortib borayotgan beqarorlik va kutilmagan hodisalar bilan izohlanayotganini ta’kidladi. Ulkan iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Osiyo qit’asi mamlakatlari jiddiy xatarlarga duch kelmoqda. Bu, avvalo, ekologiya, demografiya, migratsiya, hayot va ta’lim darajasi pastligi muammolaridir. Ular ijtimoiy nizolarning asosiy manbai, ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishi uchun sharoit yaratadigan muhitdir. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi radikallashuv jarayoni tashvish uyg‘otadi.

- Bugungi kunda jahon ishonch inqiroziga yuz tutmoqda. Aslida, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi ishonch xavfsizlik va barqarorlikning eng muhim shartidir, dedi Shavkat Mirziyoyev. - Nazarimizda, ishonch inqirozini bartaraf etish  va xavfsizlikni mustahkamlash uchun birinchi navbatda inson kapitalini rivojlantirishga qulay sharoitlar yaratish zarur. Shu munosabat bilan o‘zaro hurmat va jamoaviy mas’uliyatga asoslangan kengashimiz faoliyati har qachongidan ham muhim bo‘lib bormoqda.

Davlat rahbari xavfsizlik bo‘linmas, ishonch uning fundamental asosi ekanini qayd etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tinchlikka erishishga qaratilgan har qanday formatdagi muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va ushbu mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish butun mintaqa uchun yangi strategik imkoniyatlar ochadi.

Yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning radikallashuviga qarshi kurashish va sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish ham barqarorlik va farovonlikning muhim shartlaridan.

Prezident tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilingani, shuningdek, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Shu munosabat bilan davlat rahbari O‘zbekiston fan, ta’lim sohalaridagi va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlikning muvofiqlashtiruvchisi bo‘lishga tayyor ekanini bildirdi. O‘zbekiston xalq diplomatiyasi doirasidagi aloqalarni, jumladan, turizm bo‘yicha forumlarni tashkil etish orqali faollashtirishni muhim deb hisoblaydi.

"Shubhasiz, bu xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro anglashuvning oshishiga xizmat qiladi", deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev dinlararo hamjihatlikni saqlash, ma’rifat va madaniyatlarni o‘zaro boyitish masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.

Toshkentdagi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buning uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi ta’kidlandi.

Iqtisodiy o‘zaro bog‘liklik va mintaqaviy savdoni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish lozimligi qayd etildi. Bunda avvalo butun mintaqaning tranzit va iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradigan ustuvor infratuzilma loyihalariga e’tibor qaratish lozim. 

"Sheriklikni biznes darajasida rivojlantirish barqaror iqtisodiy taraqqiyot drayveri hisoblanadi. Ushbu sohada Hamkorlik konsepsiyasiga muvofiq Kichik biznes bo‘yicha mintaqaviy forumni ta’sis etishni taklif etamiz", dedi O‘zbekiston rahbari.

Davlat rahbari bugungi kunda tobora keskin tus olayotgan ekologik xatarlar ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga jiddiy tahdiddir. Orol muammosi global miqyosdagi ekologik va gumanitar halokatdir. Shu munosabat bilan ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish lozim. Ayni shu maqsadda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT shafeligida donorlik mablag‘larini jalb etish va Orolbo‘yi mintaqasida aniq loyihalarni amalga oshirish uchun ko‘psheriklik asosidagi Trast fondi tashkil etildi. 

Muhokamalar yakunida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash beshinchi sammitining deklaratsiyasi qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev OHIChK

Baholaganlar

5

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing