Xatolarga boy diniy kitobni kim chop etgan? Musulmonlar idorasi bayonot berdi
Jamiyat
−
14 iyul 2021
13857Shu kunlarda Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda “Qur’oni karim suralari va duolari fazilati” nomli kitobda “Baqara” surasida xatolar mavjudligi, shunga qaramay, kitob O‘zbekiston musulmonlari idorasi ruxsati bilan chop etilgani haqida xabarlar tarqatilmoqda. Ushbu xabarlarga esa kitob varaqlari surati ilova qilinmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi esa mazkur holatga munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston musumonlari idorasi mutaxassislari o‘rganishlar olib borgan.
Ma’lum qilinishicha, xatoliklar asosan “Baqara” surasida yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, oyatlardagi arabcha so‘zlar texnik ishlanmalar tufayli o‘rinlari almashib ketgan.
“Kitobni nashrga tayyorlovchi Mirfathullo Qodirovning vakili-farzandi Mirodil Qodirov mazkur xatoliklar oxirgi chop etish jarayonida, ya’ni kitob maketini kompyuter dasturidan bosmaxona fayliga o‘girishdagi e’tiborsizlik oqibatida yo‘l qo‘yilganini e’tirof etdi hamda barcha mo‘min-musulmonlar va kitobxonlardan uzr so‘radi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, o‘rganishlar natijasida yuqoridagi kitobning mualliflaridan biri sifatida qayd etilgan Tavakkal domla Kenjayev (“Eshon Boboxon” masjidi imomi) ushbu kitobni tayyorlash va nashr etishda mutlaqo ishtirok etmagani hamda domlaning roziligisiz ismi yozilgani ma’lum bo‘lgan.
“Nashrga tayyorlovchi mas’ullar Tavakkal domla Kenjayevdan ham yuzaga kelgan noqulayliklar uchun kechirim so‘radi”, deyiladi xabarda.
Xabarga ko‘ra, nashrga tayyorlovchilar “Qur’oni karim suralari va duolari fazilati” kitobini qaytarib olishni o‘z zimmasiga oladi. Ushbu nuqsonli kitobni topshirish uchun Toshkent shahri “Chorsu” mavzesida joylashgan “Kitoblar dunyosi” majmuasidagi 10-rastaga topshirish mumkinligi aytilmoqda.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yashovchi fuqarolar esa o‘zlari sotib olgan sotuvchilarga topshirishlari tavsiya etilmoqda. O‘z navbatida, kitobning nuqsonli joyini to‘g‘rilab berish kafolatini ham nashrga tayyorlovchilar o‘z zimmasiga olgan.
LiveBarchasi