Xarkov kengroq hujumning birinchi to‘lqini bo‘lishi mumkin – Zelenskiy
Olam
−
18 may 2024 9534 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya shimoli-sharqdagi hujumini kuchaytirishini kutmoqda va Kiyevda front chizig‘ini ushlab turish uchun zarur bo‘lgan havo mudofaa vositalarining atigi to‘rtdan bir qismi borligini aytdi. Bu haqda u AFP agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Zelenskiyning aytishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukraina qo‘shinlari tomonidan to‘xtatilgunga qadar shimoli-sharqiy chegara bo‘ylab 5-10 kilometr oldinga o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Prezident Xarkov viloyatida jangovar harakatlarning kuchayishi kengroq hujumning "birinchi to‘lqini" bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.
“Bu (Rossiya uchun) katta muvaffaqiyat deb aytmayman, lekin biz hushyor bo‘lishimiz va ular bizning hududimizga chuqurroq kirib borishini tushunishimiz kerak”, deydi Zelenskiy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Xarkov viloyatidagi vaziyat “nazorat ostida”, ammo “barqarorlashtirilmagan”.
AFP Urushni o‘rganish instituti ma’lumotlariga asoslanib, Rossiya qo‘shinlari 9-15 may kunlari oralig‘ida 278 kvadrat kilometr maydonni egallab olganini taxmin qilmoqda. Jurnalistlar bu 2022 yil oxiridan beri eng yuqori ko‘rsatkich, deya qayd etadi.
Zelenskiy yana ittifoqchilarini Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari va qiruvchi samolyotlar yetkazib berishga chaqirdi.
"Bugun bizda Ukrainani himoya qilish uchun zarur bo‘lgan narsalarning taxminan 25 foizi bor", deydi Zelenskiy.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya bilan “havo pariteti”ga erishish uchun Ukrainaga 120-130 ta F-16 qiruvchisi yoki boshqa zamonaviy samolyotlar kerak.
Ma’lumot uchun, 10 may kuni Rossiya qo‘shinlarining Xarkov viloyatini o‘qqa tutishi keskin kuchaydi. Shu kuni Rossiya harbiylari hujumga o‘tib, qator hududlarda chegarani kesib o‘tib, Ukraina hududidagi chegaradosh aholi punktlarida mustahkam o‘rnashib olishga urindi. Urushni o‘rganish bo‘yicha Amerika institutining ta’kidlashicha, bundan Xarkovni egallashga urinish emas, balki Belgorod viloyati bilan chegarada "bufer zona" yaratish maqsad qilingan bo‘lishi mumkin.
Rossiya hujum boshlaganidan beri Ukraina Xarkov viloyatining chegara zonasidan deyarli 9 ming kishini evakuatsiya qildi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 17 may kuni Xitoyga tashrifi chog‘ida Xarkov yo‘nalishidagi hujum bufer zona yaratishga urinish ekanligini aytdi.
Live
Barchasi