Xanchjou-2022. O‘zbekistonlik sportchilar ayni paytgacha qancha medal jamg‘ardi?
Sport
−
25 Sentabr 2023
7677Xitoyning Xanchjou shahrida XIX Osiyo o‘yinlari qizg‘in davom etmoqda. Musobaqaning 4-kunidayoq O‘zbekiston delegatsiyasi 3 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida hozircha 4-o‘rinda bormoqda.
Kecha, 24 sentyabr kuni Xanchjou-2022 ning ilk kunida akademik eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida yengil vazn toifasidagi juftlik dasturida ishtirok etgan Luizaxon Islomova hamda Malika Tagmatova O‘zbekiston uchun medal jamg‘arishni “pochin” qildi. O‘zbekistonlik sportchilar murosasiz kechgan final dasturida marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tishdi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Delegatsiya uchun o‘yinlardagi ikkinchi medalni ham bronza medaliga sazovor bo‘lgan holda, akademik eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida yengil vaznli sportchilar Shahzod Nurmatov va Sobirjon Safaraliyev taqdim etdi. Oltin va kumush medallari esa Xitoy hamda Hindiston jamoalariga nasib etdi.
Ahamiyatlisi akademik eshkak eshish bahslarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar har bir startda shohsupaga ko‘tarildi. Ya’ni bu gal M2x dasturida ishtirok etgan Shahboz Xolmirzayev hamda Mehrojbek Mamatqulov juftligi kumush medalini qo‘lga kiritdi – 3-medal.
O‘zbekiston uchun Osiyo o‘yinlaridagi uchinchi kumush, sovrin jamg‘arish bo‘yicha 4-medalni M2- dasturida qatnashgan akademik eshkak eshuvchi yigitlar Shehroz Hakimov hamda Dilshodjon Xudoyberdiyev marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tgan holda o‘z nomiga rasmiylashtirdi. Ushbu dasturda oltin medal Gonkong, bronza medali esa Hindiston jamoalariga nasib etdi.
Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasining akademik eshkak eshuvchi sportchilari 24-senyabr kungi bahslarini 3 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan yakunladi.
Ilk oltin medal! Musobaqaning dzyudo bo‘yicha ayollar o‘rtasida kechgan hal qiluvchi bahsida -52 kg vazn toifasida bellashgan Diyora Keldiyorova BAA vakili Birshelt Xorlodoini mag‘lubiyatga uchratib, o‘z g‘alabalari sirasiga Osiyo o‘yinlari chempionligini ham qo‘shib qo‘ydi.
Tarixiy medal! Dilnaz Murzatayeva Osiyo o‘yinlarida shohsupaga ko‘tarilgan birinchi o‘zbekistonlik qilichbozga aylandi. 17 yoshli o‘zbekistonlik sportchi yarim finalda janubiy koreyalik Injeong Choiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va yakunda bronza medali bilan kifoyalandi.
Ma’lumot uchun, o‘zbekistonlik sportchilar qilichbozlik dasturida shu paytgacha arzigulik natija qayd etmagan edi. Bu delegatsiyaning umumiy hisobdagi 6-medali bo‘ldi.
Bugun, 25 sentyabr kuni, musobaqaning ikkinchi kunida O‘zbekiston Akademik eshkak eshuvchilari – Shehroz Hakimov, Davrjon Davronov, Dilshodjon Xudoyberdiyev va Alisher Turdiyev M4 dasturida ajoyib natija qayd etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Yana bir ahamiyatli jihati, qo‘lga kiritilgan 2 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza, jami 7 ta medal Osiyo o‘yinlari tarixida o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilar uchun eng yaxshi natija bo‘ldi. Bu orqali delegatsiyaning umumiy medallari soni 10 taga yetdi.
O‘zbekiston delegatsiyasida kompleks musobaqalar davomida yaxshi an’ana yo‘lga qo‘yilgan. Har bir kun yakunida yuqori natija qayd etgan atletlar munosib e’tirof etiladi. Jumladan, musobaqaning ilk medalchilari atletlar shaharchasida Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarovdan o‘zlariga atalgan esdalik sovg‘alarini qabul qilib oldi.
LiveBarchasi