Xalqimiz boyib ketdi, hammada konditsioner... – Energetika vazirligi rasmiysi

Jamiyat

O‘zbekiston xalqi boy bo‘lib ketgan. Yozda uyini konditsioner bilan sovutadi, qishda yana elektr jihozlari bilan isitadi. Ko‘mirdan foydalanmaydi, gazni esa past deydi. Oqibatda butun yuk elektr tarmoqlariga tushadi. Bu haqda bugun, 23 iyun kuni poytaxt Toshkentda bo‘lib o‘tgan Energetika forumida Energetika vazirligi Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish loyihasi direktori o‘rinbosari Bahrombek Umarbekov QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda so‘z ochdi. 

“O‘zbekistonda kuzatilishi mumkin bo‘lgan elektr taqchilligi mavsumiy bo‘ladi. Yozda va qishda. Xalqimiz boyib ketdi, hammada konditsioner. Yozda kun isib ketsa, hamma konditsioner yoqadi va birdan elektr yetishmovchiligi seziladi. Ikkinchisi qishda, aslida uyni qishda elektr toki bilan isitish yaxshi emas, bu noto‘g‘ri narsa. Ko‘mir bilan yoki gaz bilan isitish kerak. Ayrim xonadonlar ko‘mir yoqishni hohlamaydi, gazni esa past deb aytadi. Natijada kuchli yuklama elektr tarmoqlariga tushadi”, deydi mutaxassis.

Bahrombek Umarbekovga ko‘ra, elektr energiyasi narxi oshganidan keyin sifat ham oshadi, biroq darrov emas.

“Hamyurtlarimiz bilshi kerak: narx oshganda, muammo darrov hal bo‘lmaydi. Masalan mashinani tezlanish pedali bosilganida, mashina motori aylanib, keyin g‘ildiraklarga berib, tezlashish sekin ro‘y beradi. Huddi shu kabi energetika sohasida ham narx oshgandan keyin darrov stansiya qurilmaydi. Stansiya qurish uchun 4-5 yil vaqt ketadi. Bu bo‘yicha kelishuvga erishishga bir yil, moliyalashtirish uchun bir yil, qurish uchun yana uch yil kerak. Shuning uchun hozirgi narx oshishi kelajakda umuman taqchillik bo‘lmasligiga tayyorgarlikdir”, deydi Bahrombek Umarbekov.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi taqchilligi yuzaga kelganda butun tarmoq joriy yilning 25 yanvar kuni yuz bergani kabi qulamasligi, butun mamlakatda zulmat ichida qolmasligi uchun tayyorgarlik ko‘rilishi kerak.

“Endi tayyorgarlik ishlarini ko‘rishimiz kerak. Taqchillik yuz berganda, butun tarmoq 25 yanvarda yuz bergani kabi qulamasligi uchun. Ma’lum bir tumanlar rejali o‘chirilib turilishi mumkin – 10-25 daqiqaga, navbatma-navbat. Biz hammamiz fuqaromiz, hamma bir narsaga osilib, uni qulatgani yaxshimi yoki navbatma-navbat osilib, uni mevasini yegan yaxshimi?”, deya qo‘shimcha qildi Bahrombek Umarbekov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 may kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi joylashtirildi. Qarorda 2022 yil 1 iyuldan O‘zbekiston bo‘ylab aholiga gaz va elektr energiyasi uchun “ijtimoiy norma” joriy qilinishi va narx oshirilishi taklif qilindi. 

Mazkur qaror loyihasi bilan 2022 yil 1 iyuldan boshlab elektr energiyasi bo‘yicha aholi uchun oyiga 250 kVt soatgacha "ijtimoiy norma" beriladi. Shuningdek, 1 kVt 325 so‘mga baholanadi. Normadan oshiq iste’mol qilingan elektr energiyaning har 1 kVt soati uchun – 650 so‘m to‘lanadi.

Tabiiy gaz bo‘yicha o‘rnatiladigan tartib isitish mavsumini hisobga olib belgilanadi. Xususan, aholi uchun:

•    1 kub m tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m, 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘m;

•    isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha – 410 so‘m, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘mni tashkil qiladi.

Suyultirilgan gaz esa aholi uchun – 1 600 so‘m miqdorida belgilanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

418

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing