O‘zLiDePning “Salomatlik sari” aksiyasida 5 mingdan ortiq aholi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Biznes
−
18:00 218 2 daqiqa
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ilgari surgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi qog‘ozdagi g‘oya emas, balki joylarda amaliy natija berayotgan tashabbus sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatni chekka hududlargacha yetkazishga qaratilgan “Salomatlik sari” aksiyasi buning yaqqol isbotiga aylandi.
Loyiha doirasida ko‘chma tibbiy avtobuslar eng olis qishloq va mahallalargacha yetib bormoqda. Respublikaning barcha hududlaridan jalb qilingan malakali mutaxassislar tomonidan aholiga bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda. Bu esa, odatda murakkab tibbiy xizmatlarga yetishi qiyin bo‘lgan fuqarolar uchun katta imkoniyat yaratmoqda.
Toshkent, Xorazm, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarida o‘tkazilgan tadbirlarda 5030 nafarga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Ular endokrinolog, kardiolog, onkolog, ginekolog, terapevt kabi 15 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi. Natijada 587 nafar fuqaroga statsionar davolanish uchun yo‘llanma berilgan bo‘lsa, 1103 nafar ishtirokchiga ambulator davolanish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etildi. UZI, EKG, mammografiya kabi zamonaviy diagnostika xizmatlarining bepul tashkil etilgani esa, aksiyaning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshirdi.
“Salomatlik sari” faqat tibbiy ko‘rik bilan cheklanib qolmayapti. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 133 turdagi dori vositalari va 197 dona tibbiy anjomlar tarqatildi. Og‘ir xastalik bilan kurashayotgan fuqarolar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga xonadonlariga borib xizmat ko‘rsatilgani tashabbusning insonparvarlik mohiyatini namoyon etmoqda.
E’tiborlisi, O‘zLiDeP tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur aksiya partiyaning joylarda faol ishlayotganini, “Xalq bilan birga” dasturi esa amalda o‘z ifodasini topayotganini ko‘rsatmoqda. Bu tashabbus nafaqat kasalliklarni erta aniqlash va oldini olishga, balki aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, ularning muammolariga manzilli yechim topishga ham xizmat qilmoqda.
Natijada “Salomatlik sari” aksiyasi sog‘liqni saqlash sohasidagi ijtimoiy tashabbusdan ko‘ra kengroq mazmun kasb etib, aholi ishonchi, inson qadri va amaliy natijalar uyg‘unligini ta’minlayotgan muhim loyihalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Live
Barchasi