Xalqaro o‘zbeklar kuni belgilanishi mumkin (video)
Jamiyat
−
17 yanvar 2328 2 daqiqa
O‘zbekistonning AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqov Xalqaro o‘zbeklar kunini belgilash tashabbusi bilan chiqdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu tashabbusni ma’qulladi. Bu haqda joriy yilning 15 yanvar kuni Prezident raisligida o‘tgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Furqat Siddiqov xorijdagi o‘zbekistonliklar Xalqaro o‘zbeklar kunini belgilash taklifini berayotganini ma’lum qilgan.
“Vatandoshlardan bir iltimos bor edi – elchixonalar yordamida Xalqaro o‘zbeklar kunini belgilash va butun dunyoda shu kunni nishonlash. Bizdan shunaqa iltimos qilishmoqda”, deydi Siddiqov.
Shavkat Mirziyoyev esa bu tashabbusni ma’qullagan va buni amalga oshirish zarurligini aytgan.
“Bu to‘g‘ri taklif. Bu ichimizdagi armonlarimizdan biri. Shu kunlarga keldik, buni ham endi qilishimiz kerak”, deydi Prezident.
Bundan tashqari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning AQSHdagi elchisiga Nyu-Yorkda yoki Vashingtonda O‘zbekiston guzarini tashkil qilish bo‘yicha ham topshiriq berdi.
“Nyu-Yorkda yoki Vashingtonda mahalla guzari quraman, deb va’da bergan edim. Shu bo‘yicha bir tadbirkorlarning takliflarini berib, o‘zimizdan ham sherik qilib, bir yaxshi loyiha qilinglar. Vatandoshlarimizga bir makon qurib beraylik. Vatandoshlarimizga g‘urur, iftixor bo‘lishi kerak. Bayrog‘imiz turadigan oshxonalar bo‘lishi kerak, choyxonalar bo‘lishi kerak”, deydi Prezident.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi mazkur ishni joriy yilda amalga oshirish kerakligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘ilishda Furqat Siddiqovga AQSHdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish ham topshirilgandi.
Live
Barchasi