Xalqaro internet-trafikning qariyb 99 foizi suvosti kabellar orqali o‘tmoqda
Texnologiya
−
03 fevral 2499 2 daqiqa
Axborot asrida suvosti kabellar raqamli aloqaning asosiy poydevoriga aylandi – xalqaro internet-trafikning taxminan 99 foizi aynan shu kabellar orqali uzatiladi. Bu haqda BMT Yangiliklar xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, dunyoning turli qismlarini aloqa kabellari orqali bog‘lash ishlari ancha ilgari boshlangan. Xususan, 1850 yilda Britaniya va Fransiya suvosti telegraf kabeli orqali bog‘langan ilk davlatlar bo‘lgan.
Shundan so‘ng texnologiyalar izchil rivojlanib bordi: telegraf xizmatlari telefon tarmoqlari bilan almashdi, keyinchalik esa tolali-optik kabellar orqali yuqori tezlikdagi internet paydo bo‘ldi. Bugungi kunda dengiz va okeanlar tubidan o‘tkazilgan ushbu liniyalar orqali har soniyada yuzlab terabit ma’lumot uzatilmoqda.
Hozirda butun dunyo bo‘ylab qit’alarni bog‘lab turuvchi 500 dan ortiq tijoriy suvosti kabellari mavjud. Qalinligi taxminan bog‘ shlangiday keladigan bu kabellar umumiy hisobda 1,7 million kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, bu Yer sharini bir necha marta aylanib chiqish uchun yetarlidir.
Xabarda aytilishicha, kabellarni yotqizishdan oldin dengiz tubi xavf-xatarlari eng kam bo‘lgan va atrof-muhitga ta’siri minimal bo‘lgan yo‘nalishlarni tanlash maqsadida sinchiklab o‘rganiladi. Keyin esa maxsus kemalar ulkan g‘altaklarga o‘ralgan tolali-optik kabellarni yechib, uni dengiz tubiga joylashtiradi.
“Suvosti kabellar jahon iqtisodiyotining asosiy tayanchiga aylanib borayotgan bir paytda, ma’lumot uzatishdagi har qanday uzilish darhol o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu iqtisodiy faoliyatga, favqulodda va texnologik xizmatlarga, xavfsizlik tizimlariga hamda butun dunyo bo‘ylab milliardlab insonlarning internetga kirish imkoniyatiga ta’sir qiladi”, deyiladi xabarda.
Har yili suvosti kabellari bilan bog‘liq 150-200 ta hodisa qayd etiladi, bu o‘rtacha haftasiga 3-4 tani tashkil qiladi. Kabellar ishidagi nosozliklar zilzilalar, suvosti ko‘chkilari va vulqon otilishlari oqibatida yuzaga kelishi mumkin. Biroq statistikaga ko‘ra, hodisalarning taxminan 80 foizi inson omilli sababli ro‘y beradi – asosan kemalar, xususan, yakorlar kabellarga zarar yetkazadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda internet uzilishlari bo‘yicha rekord qayd etilgan edi.
Live
Barchasi