Xalq agar hech narsani bilmasa, nimani nazorat qiladi? – Farmon Toshev

Jamiyat

image

Davlat idoralaridagi Matbuot xizmatlari faqat Axborot xizmati emas, balki jamoatchilik bilan aloqalar faoliyatini ham amalga oshirishi kerak. Hokimliklardagi Axborot xizmatlari faqat hokimga emas, butun hokimlikka xizmat qilishi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi a’zosi Farmon Toshev kecha, 9 iyul kuni “Yuksalish” umummilliy harakatida bo‘lib o‘tgan Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining birinchi majlisida so‘z ochdi. 

Farmon Toshev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va 2014 yilda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining ijrosi xususida gapirarkan, shunday deydi: 

"Prezident bizning oldimizga oshkoralikni ta’minlash bo‘yicha ikkita vazifa qo‘yapti. Birinchisi, davlat organlari rahbarlari nuqtayi nazarini ochiqlikka  shakllantirish, ikkinchisi aholini ham ochiqlikka tayyorlash.  

Biz faqatgina bitta tashkilot bilan shug‘ullanib qolmasligimiz kerak. Xalq bizning har bir tadbirimizdan o‘ziga biror narsa olishi, xabardor bo‘lishi kerak. 

Bu “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun bekorga chiqarilmagan. Men ham ushbu qonunning tashabbuskorlaridan bo‘lganman. 2014 yilda Senatga olib chiqishda ishtirok etganman. Lekin, bu qonun ishlamadi. Nima uchun ishlamadi? Birinchidan, reklama qilinmadi. Ikkinchidan, jamiyat bunga hali tayyor emasdi. Eng muhimi, 6-7 yildan keyin Axborot xizmatlariga pul ajratilyapti, vaholanki, qonun chiqqan kundan boshlab pul berilishi kerak edi. Men ushbu qonun ishlamasligi haqida qanchadan qancha so‘rovlar yuborganman”, deydi Toshev tashabbuskorligini eslab. 

Odatda ommaviy axborot vositalari xodimlari Axborot xizmatlari, matbuot kotiblari hokim yo vazirlarning shaxsiy advokatiga aylanib qolgani, ular OAV bilan hamkorlikni faqat qaysidir maqolasini chiqaritirish uchun yo‘lga qo‘yishi haqida nolib keladi. Jurnalist-senator Farmon Toshev ham masalaning aynan shu jihatiga e’tibor qaratib, tashkilotlardagi Matbuot xizmatlari Axborot xizmati va jamoatchilik bilan ishlash deya yuritilishi kerakligi, ular hokimlarning ko‘lankasidan chiqib, jamoatchilik bilan ishlashi kerakligiga ishora berdi. 

"Biz oshkoralikni noto‘g‘ri tushunyapmiz. Go‘yoki bo‘lgan voqeani hammaga aytsak, oshkor qilindi degandek. Yo‘q, bunday emas. Oshkoralik – rejalarni oldindan oshkor qilish. Biz qaysi viloyatda nima quriladi, nima bo‘ladi, shularni oldindan bilishimiz kerak. Hozir deputatlarni shunday tarbiyalayapmiz. Har bitta sessiyamizda yo‘l xaritasini tasdiqlab, hammaga e’lon qilyapmiz. U suv bo‘ladimi, gaz bo‘ladimi, bandlik bo‘ladimi, yo‘l bo‘ladimi... Xalqqa hammasini aytyapmiz. Xalq o‘zi keyin nazorat qiladi. Xalq agar hech narsani bilmasa, nimani nazorat qiladi?", deya majlis ishtirokchilariga yuzlandi Farmon Toshev. 

Yig‘ilishda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov ko‘plab tashkilotlar Axborot xizmatlarida bor-yo‘g‘i bir nafar xodim ishlayotgani, ayni vaqtda Axborot xizmatlarini shtatlarini ko‘paytirish va aniq belgilash masalasi ko‘rib chiqilayotganini ta’kidladi. Senator Farmon Toshev bunga ham munobat bildirib, gap xodimning ko‘p yo kamligida emas, o‘sha o‘rinda qanchalik mutaxassis ishlayotganida ekanini urg‘uladi. 

"AOKAdan iltimosim bor: gap shtatda emas, gap o‘sha yerga mutaxassis tanlashda, uni nuqtayi nazarini to‘g‘ri shakllantirishda”, deydi Toshev. 

Yig‘ilishda ishtirok etgan QALAMPIR.UZ muxbirining qayd etishicha, majlisda Prezidentning joriy yil 16 iyundagi farmonida berilgan topshiriqlar hamda Qo‘mitaning joriy yil ikkinchi yarim yillikka mo‘ljallangan ish rejasi muhokama qilingan. Shuningdek, ekspertlar guruhi ham tasdiqlangan. Ushbu guruhdan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov ham o‘rin olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

100

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing