Keniyada maktabdagi yong‘inda 17 o‘quvchi halok bo‘ldi
Olam
−
06 Sentabr
1596Keniya markazidagi boshlang‘ich maktab-internatda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 17 nafar o‘quvchi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Biz yong‘inda 17 o‘quvchini yo‘qotdik, 14 nafari jarohat oldi. Ayni damda jamoamiz voqea joyida”, deydi rasmiylar.
Nashrga ko‘ra, yong‘in o‘quvchilarni tanib bo‘lmas darajada kuydirib yuborgan. Hozirda ma’murlar maktabni o‘rab olgan.
Mamlakat Prezidenti Uilyam Ruto tegishli organlarga ushbu dahshatli voqeani har tomonlama tekshirishni topshirishini va aybdorlar javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Keniyada bir qator maktab yong‘inlari sodir bo‘ldi va ularning aksariyati o‘t qo‘yish orqali kelib chiqqan. Xususan, 2001 yil Nayrobi yaqinidagi Kyanguli o‘rta maktabi yotoqxonasida sodir bo‘lgan yong‘in 58 nafar o‘quvchi umriga zomin bo‘lgan. 2012 yilda Keniya g‘arbidagi Xoma-Bey okrugidagi maktabda sakkiz nafar o‘quvchi ayni sabab bilan vafot etgan.
2017 yil sentyabr oyida poytaxt Nayrobidagi maktabga o‘t qo‘yilishi oqibatida esa to‘qqiz o‘quvchi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Jorjiya shtatidagi Apalachi o‘rta maktabida 14 yoshli o‘quvchi odamlarni o‘qqa tutishi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan edi.
LiveBarchasi