“Kelgindilarning ishi”. Inson qo‘li bilan qurilganiga ishonilmaydigan olti inshoot

Bu qiziq

image

Yerning har bir burchagida uchrashi mumkin bo‘lgan qadimiy arxeologik obidalarning ba’zilari o‘z davrining texnologik imkoniyatlariga sig‘maydigandek ko‘rinadi, chunki ular juda ulkan, juda og‘ir yoki juda murakkab. Shuning uchun ko‘pchilik Misr piramidalari, Naska chiziqlari va boshqa inshootlar go‘yoki o‘zga sayyoraliklar tomonidan qilingan, deb taxmin qiladi. Ularning fikricha, Yerga qachonlardir koinotdan mehmonlar kelgan. Ammo haqiqat shuki, o‘zga sayyoraliklar tashrifi hech qachon o‘z isbotini topmagan. Insoniyatning eng buyuk yutuqlariga g‘ayritabiiy tushuntirish berish aslida qadimiy sivilizatsiyalarning zukkoligini inkor etishdir.

Quyida mana shunday fitna nazariyalariga asos bo‘lgan Yer yuzidagi eng ulkan va eng jumboqli olti inshoot haqida.

Saksayuaman qal’asi

Qadimiy Saksayuaman qal’asi Perudagi tarixiy shahar Kuskoning zamonaviy binolari fonida ajralib turadi. Janubiy Amerikada yashab, yirik imperiya va sivilizatsiya yaratgan inkalarning qadimiy poytaxti bo‘lgan Kusko tashqarisida, And tog‘lari bag‘rida joylashgan bu qal’a ulkan toshlardan qurilgan. Ming yillik devorlar 220 tonnagacha og‘irlikdagi toshlardan yasalgan bo‘lib, ular 20 mildan ortiq masofadan olib kelinib, lazer nuri singari aniqlik bilan joylashtirilgan.

Bunday muhandislik yutug‘ini qadimgi odamlar qanday amalga oshirgani – hayratlanarli jumboq. Ma’lumotlarga ko‘ra, inkalar osmonni kuzatish va taqvim tuzishda qanchalik usta bo‘lsa, uy va qal’alar qurishda ham shunchalik mohir bo‘lgan. Darvoqe, Saksayuaman bunday murakkab me’morchilikning yagona namunasi emas. Inka imperiyasi davrida barpo etilgan shunga o‘xshash devorlar ko‘plab joylarda mavjud, jumladan, Kuskodagi 12 burchakli tosh devor ham juda mashhur.

So‘nggi yillarda arxeologlar inkalar toshlarni shaharlarga olib kelishda arqon va lever tizimidan foydalanganini ko‘rsatuvchi izlarni topdi. Bu esa tosh devorlarning tizimli kuch va zukkolikka asoslanganini isbotlaydi, “koinot muhandislari”ga emas.

Qal’a joylashgan hududni yuqoridan tomosha qilish uchun havola ustiga bosing.

Naska chiziqlari

Peruda mavjud yana bir aql bovar qilmas qadimiy yodgorlik mamlakat cho‘lidagi  go‘yoki tasodifiy tarzda chizilgan yuzlab uzun oq chiziqlardir. Ular orasida 430 ta geometrik shakl va o‘rgimchak, maymun hamda kolibri kabi hayvonlar tasvirlari bor. So‘nggi yillarda olimlar sun’iy intellekt yordamida yana 300 ta yangi chiziqni aniqladi.

Eng uzun chiziqlar bir necha yuz metr davomida o‘qdek to‘g‘ri ketadi. Eng katta shakllar esa 365 metrdan uzunroqqa cho‘zilib, faqat havodan to‘liq ko‘rinadi. Olimlarning taxminiga ko‘ra, Naska chiziqlari 2 ming yilga yaqin tarixga ega. Yoshi, hajmi, yuqoridan ko‘rinishi va sirli tabiati sababli Naska chiziqlari ko‘pincha “o‘zga sayyoraliklar ishi” deb taxmin qilinadi. Axir qanday qilib qadimgi odamlar uchmasdan turib cho‘lda bunday ulkan shakllarni chizgan va nega?

Aslida, buni tushunish oson: geogliflar usti zanglagan qizil tosh qatlamini olib tashlab, ostidagi oq qumni ochish orqali hosil qilingan. Ammo nima uchun chizilgani murakkab savol. XX asr boshida olimlar chiziqlar yulduz turkumlari yoki quyoshning chiqish-botishiga moslashtirilgan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylashgan. Hozirda esa tadqiqotchilar bu chiziqlar suv va unumdorlik bilan bog‘liq marosim joylariga ishora qilishini taxmin qilmoqda. Bundan tashqari, shakllar havodan emas, atrofdagi tepaliklardan ham ko‘rinadi.

Siz esa ushbu havola ustiga bosish orqali hayratlanarli Naska chiziqlarini onlayn tomosha qilishingiz mumkin.

Misr piramidalari

Qohira yaqinidagi Gizada mashhur Misr piramidalari sahroni bezab turibdi. 4,500 yil avval Bronza davrida qurilgan ushbu piramidalar qadimiy fir’avnlar va malikalar uchun barpo etilgan ulkan qabrlardir. Ammo qadimgi misrliklar millionlab aniq kesilgan, har biri kamida ikki tonna og‘irlikdagi toshlardan tashkil topgan bunday inshootlarni qanday qurgan? Axir, bunday piramidalarni qurish bugungi zamonaviy texnika bilan ham juda mushkul ish hisoblanadi. Bundan tashqari, piramidalarning osmon jismlariga, xususan, Orion yulduz turkumiga mos joylashtirilgani arxeologlarni hayratga solib kelmoqda.

Qolaversa, piramidalarning asrlar davomida juda yaxshi saqlanib qolgani fitna nazariyotchilarini yana o‘zga sayyoraliklar tashrifi haqida o‘ylashga majbur qiladi. Biroq ta’kidlash joizki, shu vaqtgacha bu inshootlarda ko‘p bora ta’mirlash ishlari olib borilgan.

Olimlar qadimgi misrliklar ularni qanday usulda va qancha vaqtda qurganini to‘liq bilmasligi rost. Ammo dalillar shuni ko‘rsatadiki, bu ulkan qabrtoshlar minglab insonlar qo‘l mehnati mahsulidir.

Misr piramidalariga yuqoridan nazar solish uchun havola ustiga bosing.

Stounxenj megalitik inshooti

Buyuk Britaniyaning Solsberi shahri tashqarisida Neolit davrining mashhur yodgorligi Stounxenj tosh davra tuzib turibdi. Aylanadagi ba’zi toshlarning og‘irligi 50 tonnagacha yetadi va ular yuzlab kilometrlardan olib kelingan. Shveysariyalik yozuvchi Erix fon Deniken Stounxenjni quyosh tizimi modeli va o‘zga sayyoraliklar kemalarining qo‘nish maydoni deb taxmin qilgan. Zamonaviy olimlar esa bunday inshootlarni 5 ming yil avval mavjud bo‘lgan texnologiyalar yordamida qurish mumkinligini ko‘rsatib berishdi. Demak, bu o‘zga sayyoraliklar ijodi emas, balki qadimgi odamlar qo‘l mehnatidir.

Bugunga kelib ma’lum bo‘ldiki, toshlar quyosh chiqishi va tutilishi hamda kun-tun tengliklariga moslashtirilgan, bu esa Stounxenj quruvchilari osmonni yuqori aniqlikda kuzatganini anglatadi.

Ushbu havola ustiga bosish orqali hayratlanarli megalitik inshootni onlayn tomosha qilishingiz mumkin.

Teotiuakan

Meksikadagi qadimiy ulkan shaharni tashkil qilgan, “Xudolar shahri” ma’nosini anglatuvchi Teotiuakan ibodatxonalari o‘zining astronomik moslashuvlari va piramidasimon shakli bilan barchani lol qoldiradi.

2 ming yillik yoshi, hajman kattaligi va qurilish murakkabligi Teotiuakanni g‘ayritabiiydek ko‘rsatishi mumkin, ammo u mutlaqo inson qo‘li bilan bunyod etilgan. Olimlar taxminicha, asrlar davomida maya, zapotek va mikstek kabi turli madaniyatlar birlashib, 100 mingdan ortiq odam sig‘adigan shaharni barpo etgan.

Devoriy suratlar, asboblar, transport tizimi va rivojlangan dehqonchilik amaliyotlariga oid dalillari bilan Teotiuakan ko‘pincha Meksika uchun haddan tashqari ilg‘or texnologik darajada deb hisoblanadi.

Ulkan qadimiy tosh shaharni yuqoridan tomosha qilish uchun havola ustiga bosing.

Pasxa oroli

Janubi-sharqiy Tinch okeanida joylashgan Chiliga qarashli Pasxa orolining yashil tepaliklarida ulkan tosh haykallar – moaylar qad rostlab turadi. Haykallar va ular atrofidagi yodgorliklar bir qancha jumboqlarni keltirib chiqaradi: qanday qilib orol ahli ming yildan ortiq vaqt avval bu haykallarni yasagan va qanday qilib orol bo‘ylab joylashtirib chiqqan?

Inson qiyofasidagi taxminan 900 ta tosh haykal oroldagi so‘ngan vulqon yon-bag‘rlarida yastanib turibdi. Asosan, yumshoq vulqon jinsidan yasalgan ushbu haykallarning balandligi o‘rtacha 3,94 metr, og‘irligi esa 14 tonnani tashkil etadi. Moaylarni yasashdan maqsad nima ekani aniq emas, lekin ular katta ehtimol bilan diniy marosimlar uchun yaratilgan bo‘lishi mumkin. Orolda yashagan xalq – Rapa Nuilar taqdiri ham sirligicha qolmoqda.

Ushbu havola ustiga bosish orqali Tinch okeani o‘rtasidagi orolda qad rostlagan hayratlanarli Moay haykallari joylashgan hududni onlayn tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Misr piramidalari arxeologik obidalar Naska chiziqlari Moaylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing