Sud Nurxon Nafasovni lavozimiga tikladi
Jamiyat
−
21 Oktabr 2020
18482Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi Nurxon Nafasovni O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi (O‘KMF) rahbarligidan noqonuniy bo‘shatilgan deb topdi va uni lavozimga tiklash haqida hal qiluv qarori chiqardi.
Gap shundaki, 1996-2006 yillar mobaynida mazkur federatsiyani boshqargan Nurxon Nafasov o‘n ikki yillik tanaffusdan so‘ng (2018 yil, may) yana O‘zbekiston KMF rahbarligiga saylangandi. Biroq oradan to‘rt oy o‘tmay, u mojaroli tarzda lavozimdan chetlatiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, shundan so‘ng Nurxon Ziyotovich Nafasov O‘KMFga nisbatan federatsiyaning 2019 yil 30 dekabr kunidagi 2-sonli buyrug‘ini g‘ayriqonuniy deb topib, federatsiya prezidenti lavozimiga ishga tiklash, federatsiyaning 2019 yil 28 dekabr kunidagi navbatdan tashqari konferensiyasi yig‘ilishi bayonnomasi va qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat etgan.
O‘z navbatida, O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi Nurxon Nafasovga nisbatan da’vo arizasi bilan chiqqan. O‘KMF tashkilotga tegishli bo‘lgan mulklarni olib berish, dumaloq va kichik hajmdagi muhrlarni haqiqiy emas deb topishni talab qilgan.
Mazkur ish fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Z.M.To‘rayev raisligi ko‘rib chiqilgan va joriy yilning 20 oktyabrida hal qiluv qarori chiqarilgan.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining 2019 yil 28 dekabrdagi navbatdan tashqari konferensiya yig‘ilishi bayonnomasi va qarori haqiqiy emas deb topilgan. O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining 30.12.2019 yildagi Nurxon Nafasovni O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti lavozimidan muddatidan ilgari ozod etish to‘g‘risidagi 2-sonli buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topilgan va u federatsiyasi prezidenti lavozimiga tiklangan.
Da’vogar O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining javobgar Nurxon Nafasovga nisbatan federatsiyaga tegishli bo‘lgan mulklarni olib berish, dumaloq va kichik hajmdagi dumaloq shakldagi muhrlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qarshi da’vo arizasi qanoatlantirishdan rad qilingan.
Javobgar O‘zbekiston karate milliy federatsiyasidan da’vogar Nurxon Nafasovning foydasiga da’vo ariza berishda to‘langan 446 000 so‘m miqdoridagi davlat boji va 31 400 so‘m miqdoridagi pochta xarajatlari undirilgan.
Javobgar O‘zbekiston karate milliy federatsiyasidan davlat foydasiga 446 000 so‘m miqdoridagi davlat boji undirilgan.
Sudning mazkur hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, hal qiluv qarori ustidan qaror chiqarilgan kundan e’tiboran yigirma kun ichida shu sud orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga apellyatsiya tartibida yoki apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan va qaror qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida kassatsiya tartibida shikoyat berilishi yoxud protest keltirilishi mumkin.
LiveBarchasi