Kaspiydagi fojia: Harbiy-dengiz kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni hibsga olindi
Olam
−
11:11 387 3 daqiqa
Qozog‘istonda avvalroq Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan ozod etilgan Qanat Niyozbekov ushlandi va sud qarori bilan hibsga olindi. Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlar chog‘ida harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida unga xizmatga sovuqqonlik bilan qarash ayblovi qo‘yilmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligiga tayanib, “Sputnik Qozog‘iston” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Niyozbekov mashg‘ulotlar paytida harbiy xizmatchilar halok bo‘lgani fakti bo‘yicha qo‘lga olinib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Sud sanksiyasi olingach, u hibsga olingan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, jojia joriy yilning 24 sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida “Xazar qorg‘ani–2026” harbiy mashg‘ulotlari vaqtida yuz bergandi. Ob-havoning keskin yomonlashuvi va shamolning kuchayishi sababli 17 nafar harbiy xizmatchi ochiq dengizda qolgan. Ularning 3 nafarini qutqarishga muvaffaq bo‘lingan, 14 kishi halok bo‘lgan.
Yuz bergan hodisa bo‘yicha og‘ir oqibatlarga olib kelgan xizmatga sovuqqonlik bilan qarash hamda kemada suzish qoidalarini buzish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Fojia sabablarini aniqlash uchun hukumat komissiyasi tuzilgan. Tergov doirasida IIV ilgari Mudofaa vazirligi tizimining besh nafar mansabdor shaxsi qo‘lga olingani haqida xabar bergan. Ular orasida Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, ikkita harbiy qism komandiri, dengiz piyodalari rotasi komandiri va kater komandiri bor. Niyozbekovning hibsga olinishini hisobga olganda, ish bo‘yicha hibsga olinganlar soni ortdi.
Fojiadan so‘ng Prezident To‘qayev Mudofaa vazirligida kompleks tekshiruv o‘tkazish va aybdor mansabdor shaxslarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriq berdi. Idorada, shuningdek, qo‘mondonlik tarkibining jinoiy sovuqqonligi faktlari bo‘yicha tergov davlat rahbarining nazoratida ekani bildirildi.
Hodisa fonida Mudofaa vazirligi rahbariyatida kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. Mudofaa vaziri Davron Kosanov, Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Bosh shtab boshlig‘i Qanish Abubakirov, Mudofaa vazirining o‘rinbosari Almaz Jumakeyev va Harbiy-dengiz kuchlari Bosh qo‘mondoni Qanat Niyozbekov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi. Ilgari Maxsus operatsiya kuchlariga rahbarlik qilgan Aydos Mirzaxmetov yangi Mudofaa vaziri etib tayinlandi. Aytqurman Umarbekov esa Bosh shtab boshlig‘i bo‘lgan.
Bundan tashqari, Qozog‘iston Oliy auditorlik palatasi Mudofaa vazirligida byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligi bo‘yicha tekshiruv boshlagan. Vazirlikning yangi rahbariyatiga To‘qayev harbiy xizmat xavfsizligiga alohida e’tibor qaratishni topshirgan.
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar 27 sentyabr kuni harbiy burchini bajarishdagi fidoyilik uchun vafotidan so‘ng Baurjan Momishuli nomidagi II darajali “Aybin” ordeni bilan mukofotlandi. Omon qolishga muvaffaq bo‘lgan uch nafar harbiy xizmatchi – matroslar Quandiq Beket Baxtbek o‘g‘li va Temurxon Aqjol Temur o‘g‘li, shuningdek, mutaxassis-sanitar instruktor Nikita Udalov ham davlat mukofotlarini olgan.
Live
Barchasi