Karimovsiz ham O‘zbekiston mustaqil bo‘larmidi yoxud istiqlolga erishish xronikasi

Tahlil

image

Boshqa mamlakatlar qatorida O‘zbekiston uchun ham davlat mustaqilligini e’lon qilish, zulukdek yopishib, yillar davomida so‘rib kelgan mustamlakachilarni mamlakatdan yulib chiqarish oson kechmagani aniq. Biroq, bu voqealar xronikasi bilan ko‘pchilik tanish emas. 

Savol tug‘iladi: O‘zbekiston Karimovsiz ham mustaqil bo‘larmidi? O‘zbekiston tarixiy hodisalar yo‘sini va boshqa bir qator ob’ektiv omillarga ko‘ra mustaqil davlatga aylanar edi. Ammo o‘sha dolg‘ali yillardan omon-eson o‘tishda, kimgadir qaram bo‘lib qolmaslikda, eng muhimi fuqarolik urushini, millatlararo urushlarning oldini olishda mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning mehnati beqiyos bo‘lgan. 

Hammasi 1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinishidan boshlandi. 

1991 yilning 17 avgusti. Mamlakat Prezidenti Islom Karimov Hindistonga rasmiy tashrifni amalga oshirdi. Bu Prezident Karimovning xorijga qilgan mustaqil birinchi tashrifi edi. 

1991 yil 18 avgust, Moskva. O‘zini Favqulodda holat davlat qo‘mitasi – GKCHP deb atagan bir guruh avantyuristlar – SSSR vitse-prezidenti Gennadiy Yanayev, Ministrlar soveti raisi Valentin Pavlov, KGB raisi Vladimir Kryuchkov, Mudofaa vaziri Dmitriy Yazov, Ichki ishlar vaziri Boris Pugo va boshqa katta lavozimdagi partiya va davlat arboblari Gorbachev boshchiligidagi qonuniy hokimiyatni ag‘darib, davlat to‘ntarishini sodir etishga urindi. 

Favqulodda holat davlat qo‘mitasining murojaati Islom Karimov Hindiston safarida yurgan bir paytda, 19 avgust kuni e’lon qilindi. 

Sovet rahbariyatining bayonoti: 1991 yil 19 avgust Moskva vaqti bilan soat 04:00 dan boshlab 6 oy muddatga faqulodda holat joriy etilsin. SSSRda favqulodda holat davlat komitetining qarorlari Sovet Ittifoqining butun hududida, jamiyki hokimiyat va boshqaruv idoralarining, mansabdor shaxslar va fuqarolarning og‘ishmay ijro etishi uchun majburiy deb belgilansin. 

Islom Karimov GKCHP e’lon qilinganini Agrada eshitgach, rasmiy tashrifini muddatidan avval yakunladi va zudlik bilan Toshkentga qaytish uchun mutasaddi odamlarga ko‘rsatma berdi.  

Karimovning safarda ekanidan foydalanib, GKCHPning noqonuniy qarorlarini qo‘llab-quvvatlaydigan rahbarlar O‘zbekistonda ham topilgan. 

1991 yil 19 avgust kuni O‘zbekiston SSR vitse-prezidenti Shukurullo Mirsaidov, O‘zbekiston komparitiyasi Markaziy Qo‘mitasining ikkinchi kotibi Yefimovning imzosi bilan O‘zbekiston viloyatlari va Qoraqalpog‘istonga SSRga Favqulodda holat davlat qo‘mitasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida ko‘rsatma yuborildi. 

19 avgust kuni Islom Karimov o‘tirgan samolyot Toshkent aeroportiga kelib qo‘ndi. Karimovni mamlakat rasmiylaridan tashqari, Turkiston harbiy okrugi bosh qo‘mondoni hamda Markazdan kelgan uch nafar general kutib oldi. Bu mavjud qonun-qoidalarga mutlaqo zid edi. Islom Karimov o‘sha kuni kechqurun Hukumat a’zolari bilan uchrashib, O‘zbekiston hududida GKCHPning qonunga zid qarorlarini bekor qilish haqida ko‘rsatma berdi. Shu tariqa GKCHP gumashtalari O‘zbekiston Hukumati nomidan qabul qilgan barcha hujjatlarni bekor qildi. O‘zbekiston hududida GKCHP faoliyati batamom to‘xtatildi. 

1991 yil 20 avgust kuni O‘zbekiston Oliy Kengashi rayosati, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlari ishtirokida qo‘shma majlis o‘tkazildi. Unda so‘zga chiqqan Prezident Islom Karimov SSSRda yuzaga kelgan vaziyatga favqulodda holat davlat qo‘mitasi va uning rahbarlari qabul qilgan qarorlarga O‘zbekiston rahbariyatining munosabatini ochiq-oydin bayon etdi. O‘sha kuniyoq Karimovning respublika aholisiga murojaati e’lon qilindi: 

“Har birimiz og‘ir va vazmin bo‘lishimiz kerak. Boshimizga tushgan bu sinovlar noaniq davr va sharoitdan avvalambor aql va idrokimizni bir joyga yig‘ishtirib, insof va vijdonni yo‘qotmasdan, sarosimaga tushmasdan chiqishimiz kerak. 

O‘zbekiston jumhuriyati, uning rahbariyati qayta qurish davrida ham hech qachon birovning gapiga kirib ish tutgan emas. Markazdan, boshqa ba’zi bir jumhuriyatlardan qanday qarorlar chiqmasin, va’dalar berilmasin, har qanday chaqiriqlar, da’vatlar, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga harakatlar bo‘lmasin, biz o‘zimiz tanlagan yo‘limizdan va belgilab olgan maqsadimizdan qaytganimiz yo‘q”. 

1991 yil 21 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov maxsus farmonga imzo chekdi. Unda shunday deyiladi: 

“O‘zbekiston SSR hududida hokimiyat va boshqaruv idoralari korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning qabul qilgan barcha qarorlari va ularning ijrosi SSSR va O‘zbekiston SSR Konstitutsiyalari va qonunlariga, O‘zbekiston SSR Prezidenti farmonlari, O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi bilan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga so‘zsiz mos kelishi kerak. 

SSSRda favqulodda holat davlat qo‘mitasining SSSRning Konstitutsiyasi hamda qonunlariga, O‘zbekiston SSRning Konstitutsiyasi hamda qonunlariga zid keladigan farmonlari va qarorlari haqiqiy emas, deb hisoblansin”. 

1991 yil 27 avgust kuni ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakat to‘la mustaqilligiga tamal toshi qo‘ygan yana bir muhim farmoni e’lon qilindi. 

Mamlakatda vujudga kelgan ahvolni inobatga olib va respublika manfaatlarini himoya qilish maqsadida: 

Respublika Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti O‘zbekiston SSRning qonuniy tasarrufiga olinsin. 

Respublika hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari bevosita O‘zbekiston SSR Prezidentiga bo‘ysundirilsin.

O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatiga juda qisqa muddatda respublikaning Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Qonun loyihasini tayyorlash va uni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi muhokamasiga taqdim etish taklif qilinsin. 

Bu orada Favqulodda holat davlat qo‘mitasining uch kunlik umri nihoyasiga yetdi. Ularga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Islom Karimov mamlakat uchun murakkab bir davrda vazminlik va sabr-toqat ko‘rsatganliklari, ig‘vogarona mish-mishlar va soxta chaqiriqlarga uchmaganlari uchun respublika faollari va xalqiga samimiy minnatdorchilik bildirdi. Ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirgan mard va sabotli O‘zbekiston xalqi bu imtihondan ham sharaf bilan o‘tganini ta’kidladi. 

Nihoyat orziqib kutilgan sana – 1991 yilning 31 avgust kuni yetib keldi. O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining 6-sessiyasida mamlakat mustaqilligi e’lon qilindi. 

“Mamlakatning katta falokat yoqasiga, jar yoqasiga kelib qolganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Xalq o‘zining ertangi kunga ishonchini kundan kunga yo‘qotyapti. Odamlar o‘zlarining, oilasining, bola-chaqasi tinchligining kafolatini istaydi. To‘kis, xotirjam hayot talab qilyapti. Bu istaklar, bu talablar safsatabozlik va va’dabozliklar ostida ko‘milib ketyapti. Bizning xalqimiz sabr-bardosh, yaxshilik, osoyishtalik, boshqa xalqlarga nisbatan hayrixohlik ruhida tarbiyalangan. Bu xalq bugun bizdan himoya talab qilyapti. Tinch-totuv hayot, og‘ir mehnatiga yarasha turmush sharoitlarini talab qilyapti. Bu haqqoniy talabdir. O‘zbekiston rahbariyati hech qachon qanaqa ittifoq bo‘lmasin, kim bilan ittifoq bo‘lmasin, qanday sharoit bo‘lmasin, ikkinchi darajali rolga rozi bo‘lmaydi, bunga yo‘l ham qo‘ymaydi. Men shu bugundan e’tiboran, 1 sentyabrni jumhuriyatimizda mustaqillik kuni – umumxalq bayrami deb e’lon qilishni taklif etaman”, degan edi Karimov. 

Ushbu voqea televideniye orqali jonli efirda ko‘rsatildi. Deputatlar mamlakat rahbarining bayonotini naqadar sarosima holatida qabul qilganliklari o‘sha hodisa shohidi bo‘lganlarning hali ham esida. Yuz yildan ortiq muddat davomida ulkan imperiyaning chekka bir muzofoti bo‘lib kelgan mamlakatning rahbari tomonidan qilingan bu qadar dadil bayonotga odamlar qanday munosabatda bo‘lishni bilmas edi.
 
O‘sha lahzalarda ushbu tarixiy hodisa ahamiyatini juda kam odam anglagani bor gap. Zal sukunatga cho‘mgan. Prezident Islom Karimov yig‘ilish ishtirokchilarini “Qani qarsaklaringiz?!” deb savolga tutganidan keyingina ular biroz hushyor tortib, qo‘rqa-pisa qarsak chalgan edi.

O‘sha kunning o‘zida “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini e’lon qilish to‘g‘risida” qaror hamda “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida” qonun qabul qilindi.
 
U vaqtlarda Karimov nafaqat lavozimidan mahrum bo‘lishi, ayni chog‘da, uning shaxsiy daxlsizligi ham xatar ostida qolishi mumkin edi. Bu davrda O‘zbekiston – Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi tarkibida bo‘lib, mamlakat hududida sovet armiyasining Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlari joylashtirilgan edi.
 
SSSR davlatining parchalanishi arafasi barcha respublikalarda ichki siyosiy beqarorlik va iqtisodiy turg‘unlik avj olgani bilan yodda qolgan.

O‘zbekistonda mustaqillikning e’lon qilinishi turgan gapki, sobiq Markazdagi kuchlar va ularning O‘zbekistondagi tarafdorlari tomonidan motam bilan kutib olindi. Ular O‘zbekistonning Istiqlol yo‘lidagi qat’iy harakatlarini yo‘qqa chiqarish uchun zimdan tayyorgarlik ko‘ra boshlashdi. 

1991 yil 30 sentyabr.O‘zbekiston mustaqilligining e’lon qilinganiga endigina bir oy bo‘lgan. O‘zbekiston Oliy Kengashining navbatdan tashqari VII sessiyasi. Sobiq Markazdagi imperiyaparast kuchlar va ularning o‘zimizdagi amalparast va alamzada tarafdorlari tomonidan Prezident Islom Karimovga qarshi puxta o‘ylangan fitna tayyorlandi. 

Bundan bir oy avval O‘zbekiston mustaqilligiga qarsak chalgan deputatlarning ayrimlari mansab va martaba ilinjida so‘zga chiqib, Prezident Islom Karimovning iste’fosini talab qildilar. 

O‘sha paytda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hali qabul qilinmagan edi. Yosh O‘zbekistonning harbiy va fuqarolik tuzilmalari to‘la shakllanmagan edi. Shularni hisobga oladigan bo‘lsak, bu fitna zamirida Islom Karimovni rahbarlikdan chetlatish orqali o‘zbek xalqini yana birovlarga qaram qilishdek razil maqsadlar yashiringanini anglash qiyin emas edi. 

Bundan keyingi yillarda ham O‘zbekistonning suvereniteti, chegarlariga, mustaqilligiga bir necha bor tahdidlar bo‘ldi. Xalqimiz ko‘p tahlikali kunlarni boshdan kechirdi. Biroq, iroda, jasorat va matonat bilan erishgan mustaqilligini saqlab qoldi. Bugun esa Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mustaqillikning daxlsizligi yanada mustahkamlanib, erkin va farovon hayot kafolati ortib bormoqda. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

505

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing