Karimovlar oilasi Moskvaning hashamatli pentxausiga egalik qiladi – OAV
Jamiyat
−
16 Oktabr 2021
33660O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning oilasi Moskvadagi uch qavatli pentxausning egasi hisoblanadi. Uning narxi 1,6 milliard rublga yoki 22 million 460 ming dollarga teng. Bu haqda “Baza” yozmoqda.
Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu pentxaus “Radisson” mehmonxonasi binosida joylashgan va ayni vaqtda u sotuvga qo‘yilgan. Narxi esa yuqorida qayd etilganidek, 22,4 million AQSH dollaridan sal yuqoriroqqa baholangan. Shuningdek, ijara haqida ham so‘z borib, pentxausga bir oy egalik qilish 3 million rubl yoki 42 ming dollar etib belgilangan.
Sotuv haqidagi e’londa pentxausning ichki qismi uchun tabiiy materiallar, italyan marmari, oniks hamda tabiiy yog‘ochdan foydalanilgani haqida so‘z boradi. Mebel esa “Roberto Cavalli” va “Versace” kabi jahon brendlaridan ekanligi aytilgan.
Pentxaus minoradagi 11-qavatdan boshlanadi. Ushbu qavatda hammom va kiyinish xonalari bo‘lgan ikkita yotoq xona hamda oshxona va keng zal mavjud. 12-qavatda esa mehmonxona va kir yuvish xonasi joylashgan. 13-qavatda ofis ko‘rinishidagi xona hamda Moskva daryosi, Oq uy va biznes markazini ko‘rish mumkin bo‘lgan terrasa bor. Bundan tashqari, ushbu pentxaus Moskvadagi eng qimmat turar joylar reytingida ikkinchi o‘rinni egallagan. Maydoni 500 kvadrat metrni tashkil qiladi.
Qayd etilishicha, joriy yil may oyidan buyon pentxausga Karimovning bevasi Tatyana Karimovaning jiyani – singlisi Tamara Sobirovaning o‘g‘li Anvar Abdullayev egalik qiladi.
Ma’lumot uchun, Karimovlar oilasining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yildan buyon jinoyatlari uchun javob bermoqda. U ayni vaqtda hibsda. Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. Gulnora Karimovaning farzandlari Islom va Imon esa ayni vaqtda Londonda tahsil olmoqda. Karimovlar oilasidan faqat Tatyana Karimova O‘zbekistonda istiqomat qilmoqda. U Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va Karimov nomidagi Respublika jamoat fondi faoliyatini yuritishda bosh-qosh.
Oila farzandlari o‘rtasida munosabatlar ham ko‘ngildagidek emas. Xususan, Lola Karimova 2013 yilda xalqaro ommaviy axborot vositalaridan biriga bergan intervyusida opasi Gulnora Karimova bilan 12 yildirki munosabatlari yaxshi emasligini aytgan.
Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov esa 2016 yilda OAVga intervyu berib, onasi va xolasi Lola Karimova o‘rtasidagi ziddiyatlarda marhum bobosini ayblagandi.
LiveBarchasi