Karimov suymagan GES
Tahlil
−
18 may
19784Tojikiston – O‘zbekistonning qo‘shnisi. Markaziy Osiyoda joylashgan tog‘li davlat. Ilgari O‘zbekiston kabi SSSR tarkibida bo‘lgan bu mamlakat dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas. Hududining 93 foizi tog‘li bo‘lib, foydali qazilmalar zaxiralari mavjud bo‘lsada, ularni qazib olish va tashish katta xarajat va mashaqqat talab qiladi. Tojikistonda Markaziy Osiyodagi barcha suv resurslarining qariyb 60 foizi hosil bo‘lishiga qaramay, qishda bu yerda elektr tanqisligi kuchayadi. chekka hududlar tom ma’noda zulmat ichida qoladi. Ana shu energetik muammolarni hal qilish uchun Tojikiston hukumati Rog‘un GESini barpo etishga kirishdi. Loyiha Tojikiston uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega, ammo bu ulkan inshoot mintaqadagi boshqa davlatlar, jumladan, o‘zbekistonliklar uchun xavfli sanaladi. Orolning qurishi, kasalliklar, O‘zbekistonning Tojikiston bilan chegara hududida yuzaga keladigan ulkan suv toshqinlari – bularning hammasini birgina Tojikistonning Rog‘un GESi keltirib chiqarishi mumkin.
Rog‘un GESi haqida
Rog‘un GESi – Tojikiston janubidagi Vaxsh daryosida qurilayotgan ulkan gidroinshoot. U Dushanbedan 110 km uzoqlikda joylashgan.
Loyiha tugallangach, balandligi 335 m bo‘lgan Rog‘un GESining to‘g‘oni dunyodagi eng baland, stansiya esa 3600 MVt quvvatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyodagi eng yirik gidroelektr stansiyaga aylanishi kutilmoqda. GES dunyodagi eng yirik uzoq muddatli qurilish hisoblanadi. Stansiyani qurish bo‘yicha ishlar 1976 yilda boshlangan. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Rog‘undagi ishlar to‘xtatilgan.
1993 yil qurilish uchun yomon yil bo‘lgan. Bu yerda kuchli suv toshqini to‘g‘on ko‘prigini yuvib ketgan. Oqibatda o‘sha paytda qurilgan barcha binolar suv ostida qolgan. Bugun esa loyiha yana jonlantirilmoqda.
Loyiha Tojikiston uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega, ammo bu ulkan inshoot mintaqadagi boshqa davlatlar, jumladan, O‘zbekiston uchun xavfli bo‘lishi mumkin.
Aholi nimadan qo‘rquvda?
“Nezavisimaya” nashrining yozishicha, Jahon bankining Inspeksiya kengashi Tojikistonda qurilayotgan Rog‘un GES loyihalarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston va Turkmaniston aholisining shikoyatini ko‘rib chiqish uchun qabul qilgan. Aholi esa o‘z shikoyatnomalarida kelajakdan, tabiatdan xavotirda ekanligini bildirgan.
Shikoyat Jahon bankining “Rog‘un GESni barqaror moliyalashtirish” loyihasiga va u bilan bog‘liq bo‘lgan 2014 yilgi ekologik va ijtimoiy hujjatlarni tayyorlash va yangilashga qaratilgan texnik yordam loyihasiga va ularning 350 million dollar miqdoridagi sarmoyasiga taalluqlidir.
Murojaatchilar o‘z shikoyatlarida Jahon banki va qo‘shimcha 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratish majburiyatini olgan bir qator qo‘shma moliyalashtiruvchi institutlar loyihaning atrof-muhitga ta’siridagi kamchiliklarga qaramay Rog‘un GESni qurib bitkazish loyihasini moliyalashtirishni ma’qullagani aqlga sig‘maydigan ish ekanligini aytib o‘tgan.
Ayni paytda Rog‘un GES qurilishini yakunlash bilan bog‘liq asosiy muammo shundaki, mavjud atrof-muhit va ijtimoiy muhitga ta’sirni baholash to‘liq emas, o‘n yil oldingi eskirgan ma’lumotlar va tushunchalarga asoslangan va loyihaning asosiy xavflarini yetarli darajada aks ettirmaydi.
Shikoyatchilarga ko‘ra, loyiha hujjatlarida daryoning quyi oqimida, ayniqsa, Orolbo‘yining ekologik ofat zonasida yashovchi mahalliy aholi manfaatlari to‘liq hisobga olinmagan. Vaxsh daryosi suvining qurilish, suv omborini to‘ldirish (bu jarayon kamida 15 yil davom etadi) va GESni ekspluatatsiya qilish davrida kamayishi hamda mavsumiy qayta taqsimlanishi, daryoning quyi oqimlarida — xususan Vaxsh va Amudaryoning quyi hududlarida suv tanqisligini keltirib chiqaradi. Ammo bu kabi ulkan oqibatlarga olib keladigan kichik muammolar ba’zi birovlarning nazaridan chetda qolgan.
O‘layotgan Orolga yaqinlashayotgan yana bir xavf
Xavotirlar bejiz emas. Jahon bankining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, faqat suv omborini to‘ldirish bosqichida Amudaryoning Orol dengiziga oqimi yiliga 0,8–1,2 kub kilometrga kamayadi, bu esa hozirgi oqimning kamida 25 foizini tashkil etadi degani. Bunday ulkan hajmdagi suvning yo‘qotilishi tabiiy va antropogen ekotizimlarning shundoq ham zaif holatini yanada og‘irlashtiradi, yerlarning yanada tanazzulga uchrashiga, tuproqning sho‘rlanishiga va cho‘llanishga olib keladi.
Ayni damda Amudaryoning quyi oqimi aholisi o‘ylamasdan qilingan sovet gidroqurilishi tufayli Orol fojiasi oqibatlarini umr bo‘yi o‘z boshidan kechirmoqda. Ular chang bo‘ronlari va suv sifatining pastligi tufayli sog‘liqning yomonlashishi, suv tanqisligi va yer degradatsiyasi tufayli tirikchilik vositalarining yo‘qolishi kabi bugungi kundagi muammolarga qayta-qayta duch kelmoqda.
Rog‘un loyihasining bitishi esa ushbu muammolarni bir necha bor kuchaytirishi mumkin. Daryo rejimining o‘zgarishi qishloq xo‘jaligi va suv ta’minoti tizimlarining qimmatga tushadigan transformatsiyasini talab qiladi.
Loyihaning kumulyativ ta’siriga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani bevosita hammaga tashvish uyg‘otadi. Loyihada Rog‘un GESning Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali kabi boshqa yirik suv xo‘jaligi loyihalari bilan birgalikda sinergetik ta’siri deyarli hisobga olinmagan. Mutaxassislarning hech biri bu ikki gigant loyiha ishga tushgach, Amudaryo va unga bog‘liq ekotizimlar hamda aholi qancha zarar ko‘rishi haqida asosli prognoz ham bergani yo‘q. Amudaryoga bunday ikki tomonlama zarba, ayniqsa, prognoz qilinayotgan iqlim o‘zgarishi va mintaqada suv resurslarining kamayishi sharoitida butun havza uchun ulkan noaniqlik va xavf tug‘diradi. Jahon bankining O‘zbekiston uchun prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga borib Amudaryo havzasida suv ta’minoti 15-30 foizga kamayishi kutilmoqda, bu esa faqat dehqonchilikda 250 minggacha ish o‘rinlarini yo‘qotishga olib keladi va iqlimga moslashish uchun milliardlab sarmoyalarni talab qiladi.
GESning tabiatga ta’siri
Rog‘un GESni qurib bitkazish loyihasi mintaqaning noyob biologik xilma-xilligiga ham tahdid solmoqda. Eng qimmatli to‘qay qayir ekotizimlari, jumladan, UNESCO’ning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Tigrovaya balka” qo‘riqxonasining to‘qay o‘rmonlari va O‘zbekiston va Turkmaniston chegarasidagi Amudaryo qo‘riqxonasi zarar ko‘radi. Yo‘qolish arafasida turgan Amudaryo soxta kurakburunlarining ikki turi – osyotrlar oqim rejimi va oqiziqlarni ko‘chirishning keyingi o‘zgarishi tufayli butunlay yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, o‘n yil avval Rog‘un GESni qurib bitkazish rejalari Toshkent va Ashxobodning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan, ammo bugungi kunda O‘zbekiston va Turkmaniston rasmiylari to‘g‘onni qurib bitkazishga ochiqchasiga qarshi chiqmayapti. Bu sukunat xavf-xatarlar yo‘qligini anglatmaydi, balki o‘zgargan geosiyosiy vaziyatni yoki Markaziy Osiyo suv muammolarini davlatlararo muhokama qilishda shaffoflikning yetishmasligini aks ettirishi mumkin. Biroq qo‘shnilar tomonidan jamoatchilik tanqidining yo‘qligi loyiha tashabbuskorlaridan ham, moliya institutlaridan ham Rog‘un GESning butun mintaqa uchun ekologik va ijtimoiy xavfsizligini ta’minlash mas’uliyatini olib tashlamaydi.
Rog‘un uchun qurbon bo‘layotgan ishchilar
Xalqimiz orasida “urush qurbonlarsiz bo‘lmaydi”, degan gap bor. Tojikistonda qad rostlashi kerak bo‘lgan gigant loyiha yakunlanishi uchun ham qo‘shtirnoq ichidagi “urush” davom etmoqda. Qurbonlar esa loyihada mehnat qilayotgan ishchilar jamoasi. Ha, loyiha boshlangandan buyon 100 ga yaqin ishchi portlashlar va texnik nosozliklar tufayli vafot etmoqda. Halok bo‘lganlar soni hokimiyat vakillari tomonidan yashirilgan holatda bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Sababki, qurilishga 20 mingga yaqin ishchi jalb qilingan. E’lon qilingan va tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Rog‘un GESi qurilishida 15 ta avariya qayd etilgan, buning oqibatida 3 nafar ishchi halok bo‘lgan, 15 nafari turli tan jarohatlari olgan. 2019 yilda 33 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan, oqibatda 20 kishi halok bo‘lgan va yana 25 kishi jarohat olgan. 2024 yilda esa gidroelektr stansiyasida yuz bergan favqulodda hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, bir kishi jarohatlangan. Baxtsiz hodisalarning aksariyati yer osti ishlari paytida sodir bo‘lgan. Qurilishi davom etayotgan loyihaning shu vaqtgacha 6 ta agregatdan ikkitasi ishga tushirilgan. Uchinchisi, joriy yilda yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shunday qilib, loyiha bitgunga qadar hali yana talafotlar yuz berishi mumkin.
Loyihaga sarflangan pullar o‘zini qoplaydimi?
Balandligi 335 m bo‘lgan to‘g‘onning hozirgi maksimal variantida loyihaning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi ham savol tug‘diradi. Ob’ektga allaqachon 5 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan bo‘lsa-da, Rog‘un GESni qurib bitkazish xarajatlari doimiy ravishda o‘sib bormoqda va allaqachon 6 milliard dollardan oshdi. Bu esa ishlab chiqarilgan elektr energiyasi stansiyani qurish xarajatlarini qoplash uchun yetarlicha yuqori narxda sotilishini anglatadi.
Qo‘shni davlatlar o‘z energetikasini jadal sur’atlar bilan rivojlantirmoqda, Afg‘oniston va Pokistonning ushbu loyiha uchun to‘lov qilishi shubhali. Tojikiston hukumati esa mahalliy aholi uchun elektr energiyasi tariflarini har yili oshirib bormoqda, bu yil esa elektr energiyasi uchun to‘lovdan bo‘yin tovlaganlik uchun hatto qamoq jazosigacha bo‘lgan jinoiy jazoni joriy qilindi. Demak, qimmat narx o‘zini oqlamasligi ham mumkin. Bundan ko‘rinib turibdiki, aholi bildirgan shikoyat muhim va ko‘rib chiqishga arzirli sanaladi. Yo‘q, bunga faqat aholi qarshi bo‘lmagan, o‘z navbatida davlat rahbarlari ham bu loyihaga keskin norozilik bildirgan. Masalan, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov.
Karimov qarshi bo‘lgan loyiha
1991 yildan keyin O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Rog‘un GES qurilishiga qarshi chiqqan. U seysmik jihatdan xavfli hududda dunyodagi eng baland to‘g‘on paydo bo‘lishidan xavotir bildirgan.
2012 yil Qozog‘istonga tashrif buyurgan Islom Karimov Prezident Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tojikistondagi Rog‘un va Qirg‘izistondagi Qambarota GESlari qurilishi borasida alohida to‘xtalgan.
Qozog‘iston matbuotining yozishicha, Islom Karimov Rog‘un va Qambarota gidrostansiyalari loyihalari ustida xalqaro tekshiruv o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlagan.
“Biz nimanidir qurishdan oldin, qaysi bir buyuk davlatlar bilan shartnoma tuzishdan oldin kelinglar, haqqoniy ekspertiza o‘tkazaylik va xalqqa, odamlarimizga aniq tushuntirish beraylik, ular bilan ertaga nima bo‘ladi, kim bu daryolarning quyisida yashaydi?
Shunga e’tibor qilish lozimki, bu loyihalar, Rog‘un ham, Qambarota ham 70-80 yillarda tuzilgan. Ya’niki, biz hammamiz Sovet Ittifoqi tarkibida edik va hamma gigantomaniya bilan og‘rigan paytlar edi. Lekin vaqt o‘zgardi, 40 yildan ortiq vaqt o‘tdi, bugun butunlay boshqacha qarashlar va talablar bor. Bugun gidrotexnik vositalar butunlay boshqacha asosda qurilishi talab qilinadi. Nima uchun ekspertiza o‘tkazish mumkin emas – kelinglar o‘tirib hammasini muhokama qilaylik”, deb ta’kidlagan edi O‘zbekistonning birinchi rahbari.
Birinchi prezidentga ko‘ra, Qirg‘izistondagi Qambarota suv to‘g‘oni 275 metr balandlikda, Rog‘un 350 metr balandlikda qurilayotganligini hisobga olinsa, bu ikkala loyiha qurilishi bu yerda yashayotgan insonlar hayotiga tahdid bo‘lishi mumkin.
“Ginnesning rekordlar kitobiga kirishni orzu qilishibdi-yu, ikkala GES hududi ham seysmik xavfli joylarga kirishini va yuzlab odamlarning hayoti haqida so‘z borayotganini tushunishmayapti. Tasavvur qilyapsizmi, zilzila yuz bergan taqdirda To‘xtagul suv ombori ham qo‘shilib, to‘plangan suvlar chiqib ketsa u fojianing oqibatlari qanday bo‘lishini?” deya ogohlantirgan o‘z vaqtida Karimov.
O‘sha paytlarda Rog‘un loyihasi yuzasidan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ixtiloflar ancha kuchli edi. O‘zbekiston mas’ullari qo‘shnilari qurayotgan loyiha puxta o‘ylanmaganini bir necha bor ta’kidlagan, ammo Tojikiston tomoni o‘zbekistonlik mutaxassislarning ushbu GES qurilishiga oid loyiha haqida bildirgan xavotirlarini “asossiz”, deya atagan. Yillar o‘tgan sari qo‘shnimiz amalga oshirayotgan ushbu loyihaga aralashmay ham qo‘ydik. Balki bu hokimiyat almashishi bog‘liq masaladir…
Umumiy qilib aytish mumkinki, Rog‘un GES Tojikiston uchun energiya mustaqilligiga erishishda muhim vosita bo‘lishi mumkin. Ammo bu yo‘lda atrof-muhit, qo‘shni davlatlar va butun mintaqaning suv resurslariga bo‘lgan tahdidni inkor etish, ularni yetarli baholamaslik katta xatolarga ham olib kelishi mumkin.
LiveBarchasi