Karimov Mustaqillik bayramlarini o‘tkazishga qanday ko‘rsatma bergan?
Intervyu
−
26 avgust 2019
19286O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami doim katta tayyorgarliklar bilan o‘tkazilgan. Mustaqillik bayrami dastlab poytaxtning Mustaqillik maydonida, keyinchalik Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy bog‘ida o‘tkazilgan. Mustaqillik va Navro‘z ayyomlarining ilk rejissyori, O‘zbekiston xalq artisti Rustam Hamidov O‘zA muxbiri bilan suhbatda dastlabki bayramlar qanday o‘tgani haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
– Rustam aka! “Eng ulug‘, eng aziz” deya ataydiganimiz – Mustaqillik e’lon qilinganiga 28 yil, dastlabki bor bayram qilganimizga esa 27 yil to‘lmoqda. Uni bayram sifatida nishonlash, maydon tomoshasiga aylantirish taklifi kimdan chiqqan edi? Boshdan eslasak...
– Eng boshidan eslaydigan bo‘lsak, Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishi bo‘lgandi. O‘sha paytlardagi bosh vazir o‘rinbosari “Mustaqil davlat bo‘ldik. Shu bois Mustaqillik bayramini o‘tkazishimiz kerak. Kimda qanday fikrlar bor?”, deb so‘radi. Hamma har xil fikr bildirdi. Folklor, etnografiyani olib chiqaylik, degan takliflar bo‘ldi. Majlis oxirrog‘ida menga so‘z berishdi. O‘sha paytda Hamza (hozirgi Milliy) teatrining bosh rejissyori edim. Men “Mustaqillik bayrami kechqurun o‘tadigan bo‘lsa, biz madaniyat va san’atimizning hamma janridagi yutuq bo‘ladigan namunalarni – mustaqil davlatga xos tarzda olib chiqishimiz kerak. Faqat folklor va etnografiya bilan cheklansak bo‘lmaydi”, deya o‘z fikrimni bildirdim. Ma’qul bo‘lmadi shekilli. Endi Mustaqillik bayramiga eshak aravalar, tuyalarni olib chiqish bo‘lmaydi-da. U (tomosha)lar Navro‘zga, xalq, dehqonlar bayramiga yaqinroq...
Xullas, oradan biroz vaqt o‘tib, mening fikrlarim ma’qul ko‘ringan shekilli, chaqirishdi. Ssenariy yozdik, tasdiqlandi. Ishga tushib ketdik. Endi, u maydonda o‘tadigan bayram bo‘lgandan keyin, o‘ziga yarasha kompozitsiya bo‘lishi lozim. Chunki Sovet davridagi – 1 may, noyabr bayramlari yo‘qolib, maydon huvullab qolgandi. O‘tkazadigan bayramimizda 10 ming kishiga yaqin odam, talabalar (ommaviy sahnalarda) band bo‘ldi. Ularga esa sharoit kerak edi. Ochig‘ini aytish kerak, yo‘qchilik payt edi. Rahbarlar bizning eskizimizga ko‘ra sahnani bezash uchun, harakat qilib, bir necha vagon taxta olib kelishdi. Maxsus yorituvchi uskunalar yo‘q, deng. O‘sha davrdagi xokkey saroyidan projektorlar kesib olib kelindi. Bir amallab yoritdik, lekin baribir qorong‘uroq chiqdi. Televideniyeda ham tajriba yo‘q edi hali.
Bir yarim-ikki oy repetitsiya qildik. Bir kuni, repetitsiya qilib turgan joyimizda telefon bo‘lib qoldi. Bayram shtabining boshlig‘i, shahar hokimining muovini Karim Rasulovich degan ajoyib inson bo‘lardi. Shu kishi “Rustamjon, Prezident so‘rayaptilar, bayram haqida ma’lumot berishimiz kerak ekan. Yuring, birga boramiz”, dedilar. Men repetitsiya kiyimida, jinsi shimda yurgandim. Qo‘yarda qo‘ymay Prezident apparatiga olib borishdi. (Prezidentning) kabineti 6-qavatda ekan. Yordamchilari mening kiyim-boshimni ko‘rib, “Siz o‘tirib turing” deb, 15 daqiqadan keyin ichkariga taklif qilishdi. Uzun kabinet ekan, borib ko‘rishgunimcha Islom Abdug‘aniyevich uch-to‘rt marta egni-boshimga boshdan-oyoq qarab qo‘ydi. “Repititsiyada edim, kiyimimni almashtirishga vaqt berishmadi” deb uzrimni aytdim. “Hechqisi yo‘q, qani o‘tiring, gapiring”, deganlaridan so‘ng sahna, unda tomosha qanday qo‘yilishi haqida ma’lumot berdim. Ancha o‘ylanib qoldilar.
Keyin qog‘oz-qalam olib, “Sahna mana bunday bo‘lsin, tomoshabin bu yerda o‘tiradi” deb chizib berdilar. Bundoq qarasam, chizgilar (tomosha maydoniga) unchalik to‘g‘ri kelmaydi. Chunki u – o‘z nomi bilan maydon, tagidan metro o‘tadi. Keyin quyosh o‘sha tarafdan chiqadi, uning ustiga esa sahnani o‘rnatib bo‘lmaydi. Shu bois “Tushunarlimi?” deb so‘raganlarida, “Islom Abdug‘aniyevich, oxirigacha tushunganim yo‘q”, deb javob berdim. U kishining oldida turgan bir rahbar “Sizga Prezident hatto rasmigacha chizib berdilar, nimasiga tushunmaysiz”, dedi. Menga javob berib yuborishdi.
Keyin chiqib kelgan mas’ul rahbarlar ham, “Endi nima bo‘ladi? Hamma narsa o‘zgarib ketdi-yu, vaqt oz qoldi”, deya o‘ylanib qolishdi. Shu tariqa maydonga kirmasdan, mashinaga o‘tirib, ketayotsak, “Tez maydonga kiringlar. Prezidentning o‘zlari maydonni ko‘rarkanlar”, degan qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. Hamma rahbar maydonga yig‘ildi. Islom Abdug‘aniyevichning o‘zi kelib, maydonning u yoq-bu yog‘iga o‘tib, ancha aylandi. Oxirida, “Ha-a... Tushunmaganingcha bor ekan. Sening varianting to‘g‘ri ekan”, deb qoldilar. Shunda haligi rahbar yana shartta o‘rtaga tushib, menga qarata “To‘g‘ri qilding, Rustam. Oxirigacha tushunmasang, rozilik bildirma”, deb qoldi.
– O‘sha rahbar kim edi?
– Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov. Xullas, o‘shanda menga “Endi bo‘ldimi?” deganlarida, “Yo‘q, yana bir-ikkita masala bor. Apparatlarning kuchi yetmayapti. Moskvadagilar bayram o‘tkazishayapti. O‘shalarning yoritish, ovoz kuchaytirish uskunalarini hech bo‘lmasa, ijaraga bo‘lsayam olib kelishga ruxsat bering” dedim. Ular juda qimmat edi. Islom Abdug‘aniyevich “Mayli, keyinchalik o‘zimiz sotib olarmiz. Hozircha olib kelinglar”, degandilar...
Shunday qilib, bayramning birinchi yilini o‘tkazganmiz...
– Dastlabki yillarda o‘tgan bayramlar yaxshi esimda. Barcha san’at turlari akademik tarzda sahnaga olib chiqilib, sintez qilindi. Natijada u ¬– qaysidir ma’noda O‘zbekistonning siyosiy ko‘rgazmasiga ham aylangan edi. Yangi-yangi ijodkorlar ham kashf qilindi. Gulbahor Erqulovaning dastlab o‘sha bayramda aytgan “Assalom, o‘zbegim!” qo‘shig‘i ham esimda...
– Qanchadan qancha bayramlar o‘tdi, ular xalq bayramlariga aylandi. Bahonada ko‘plab yangi san’atkorlar paydo bo‘ldi. Ko‘rik-tanlovlar uyushtirildi. Madaniyatimiz, san’atimiz rivojiga turtki bo‘lib turdi. Ajoyib komanda – baletmeysterlar, rasomlar, bastakorlar, hofizlar qatnashdi. Hattoki Navro‘z bayramimizga askiyachilar, dorbozlar, polvonlarni olib keldik.
– Askiyani “fonogramma”da ayttirgansizlar...
– Uning qaltis joyi bor edi. O‘sha paytda eng katta rahbarimiz “Askiyani olib chiqib bo‘lmaydi” degandi. “Uniyam yo‘li bor. Radiokomitetga borib, askiyachilarga – bahor, Navro‘z mavzularida payrov beramiz. Ular gapiraveradi, biz yozib olib, ma’qul joyini qo‘yamiz. Chunki askiya qaltis”, deb aytganman o‘shanda.
– Askiyaning so‘zlari dabdurustdan kelmasa, u askiya bo‘lmaydi-ku?..
– O‘shanda payrovlarning ommaviy, katta bayramlarga mos keladiganlarini chiqarib, dasturni o‘tkazganmiz.
– Keyinroq, bayramlar o‘tavergani sayin, u mukammallasha borishi kerak edi. Aksincha, so‘nggi yillarda, ya’ni 10-15 yildan so‘ng o‘tkazilganlariga nazar solsak, bayramlar bir qolipga tushib qolgandek edi. Deylik, boshda bolalar chiqishadi, keyin harbiylar, maqomchilar, opera artistlari, oxirida esa – Sizlar “Estrada bloki” deb ataydigan qismida 5-6 ta yallachi chiqib, yalla-pallasini, laparini aytgach, Vatan mavzusidagi biror qo‘shiq bilan bayram tugaydi. Aslida, yillar o‘tgani sari mukammallashishi lozim bo‘lgan tomosha nega bir o‘zanga tushib qolgan?
– Rostdan ham ular bir qolipga tushdi. O‘zimam sezganman buni. (Bu qolipni) buzmoqchi bo‘ldim. Boshqacha ssenariy yozib, (mas’ul) bir rahbarning oldiga kirdik. U odam “Bu bo‘lmaydi, harbiylar qani, sportchilar qani, bolalar qani? Tizim, kompozitsiya bo‘lishi kerak”, deb, o‘zimiz ishlab, qolipga joylagan dasturga bizni yana qaytardi. “Maqsadimiz – oldingi “ramka”ni buzish edi, bitta qolipga tushib qoldi bayramlar”, desak ham ko‘nmagan...
– Kechirasiz-u, ba’zi bayramlar “challar”ga o‘xshab qolgandi-da, “Vohay bola” qabilidagi qo‘shiqlar bilan...
– Shunaqa paytlar ham bo‘ldi. Uniyam sababi bor. Masalan, ba’zi bir artistlar bayramga chiqaman, deb, tanish-bilishi orqali harakat qildi. Madaniyat va san’at sohasiga yaqin bo‘lgan ba’zi rahbarlar hattoki pul, ya’ni pora, “choypuli” olib, ularni olib chiqishdi. Kattaroq rahbarlar ham aralashgan edi bu ishga. Qo‘shiqlarni eshitib, musiqalarni tanlayotganimizda men “Bunisi bo‘lmaydi, bunisining ovozi yo‘q, manavining musiqasi to‘g‘ri kelmaydi. Ularni qisqartiraylik, katta sahnaga olib chiqmaylik”, deya e’tiroz bildirsam, o‘sha “kattalar” “Hozircha turaversin, keyin bir gap bo‘lar” deyishgan. Men qilgan saralashni – rahbarlar qilishi o‘rniga, qaytanga ularning o‘zi shunaqa sifatsiz asarlarni, talantsiz “san’atkorlar”ni tiqishtirgan. Ba’zan hatto “Bu – “yuqori”dan, falonchining topshirig‘i” deya aytishgacha borishgan.
– Siz “Bu hovlida man rejissyorman” demadingizmi?
– Bu gap doim bo‘lgan. Shularni deb, har xil bahonalarni qilib, meni naq uch marta asosiy ishim, (ya’ni bosh rejissyorlikdan) bo‘shatib yuborishgan. Islom Abdug‘aniyevich eshitib qolib, meni yana qaytarganlar. Endi, hamma sohadayam prinsip bo‘lmasa, odamning o‘z pozitsiyasi bo‘lmasa, ish ketmaydi. Maqsad – dushman orttirish emas, sizga topshirilgan vazifani a’lo darajada bajarish.
O‘zingiz guvohsiz, oxirgi yillarda bayramlarimiz sputnik orqali 60-70 davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilardi. Ko‘pchilik bayramimizni ko‘rib, shu tufayli O‘zbekistonni taniydi. Bir voqea bo‘lgandi. Bayramimizda 12 ming odam qatnashardi, tomoshabinning o‘zi 10 mingta. Maydonning ichkarisidayam odamlar harakatda. Men (davlat rahbaridan) “Islom Abdug‘aniyevich, odamlar sonini ozgina qisqartirsam maylimi? Siz – tomoshabinlarga 300 metrdan baribir ko‘rinmaydi” deb so‘rasam, “Qisqartirma. Uning video-tasvirini, ya’ni bayramlarimizni chet elga borganimda, xorijlik rahbarlarga hadya qilaman. Ertasiga ular bilan yana uchrashganimizda, bizga nisbatan munosabat butkul yaxshi tomonga o‘zgaradi. O‘zbekistonning shundoq madaniyati, san’ati bor ekan, deya hayratlanishadi. Shuning uchun bularning hammasi – siyosat” dedilar...
– Mustaqillik bayrami tantanalari – avvalo san’at. Keyinroq hatto siyosatga aylandi, deyapsiz. Lekin nazarimda, u ba’zan kimlar uchundir iqtisodiy manfaat o‘chog‘iga ham aylanib qolgandek. Chunki milliardlab pullar aylanadi. Shuning ortidan iqtisodiy jinoyatchilikka aylangan odamlar ham chiqdi-da, to‘g‘rimi?
– Qizig‘i shundaki, bosh rejissyor, badiiy rahbar sifatida (rahbarlardan) – tuzilgan smetalar asosidagi pul mablag‘larini men so‘rayman. Chunki minglab kiyim-kechaklar, poyafzallar tikilishi, sahna bezaklari yasalishi lozim. Ovoz kuchaytirgichlar, yoritkichlar – hammasi valyutaga sotib olinishi kerak. Keyin o‘sha siz aytgan narsalar boshlandi. Bizni ijodiy ishga javobgar, deya moliyaviy ishlarga yaqinlashtirishmaydi. Bir necha bor shunaqa voqealarni sezdim. Ba’zilar bilan ancha kurashdim. Keyin bilsam, bu ishlar “gazak olib ketgan” ekan. Hattoki bir-ikkitasi qamalib ham chiqdi.
Davlat mablag‘ni – bayram yaxshi o‘tsin, kiyim-kechaklar havas qiladigan darajada bo‘lsin, deb ajratardi. Ishonasizmi, har bir bayramga yangidan kiyim-kechaklar tikilar, dekoratsiyalar ham yangidan qurilardi.
– Eskilarini nima qilishardi?
– Ular “O‘zbekraqs” tashkilotiga, viloyatlarda o‘tadigan bayram tadbirlariga berilardi. Keyin bilsak, ularniyam tarqatib yuborish o‘rniga sotisharkan. Vaholanki, bu narsalar shundog‘am davlatning puliga kelgan-ku... Bu haqda ko‘p gapirish mumkin, bir odam mushakbozlik masalasida ko‘p yilga qamalib ketdi, (xorijdan) ikki-uch baravar qimmatiga olib kelgan ekan. Men faqat nima kerakligi borasidagi talab qo‘yardim, moliyachi, ta’minotchilar alohida bo‘lardi. Faqat bir narsani, ya’ni berilgan mablag‘ faqat bayramga ishlatilishi lozim, “kekirdagimni cho‘zib”, “tepa”dan pulni sizlar emas, men so‘rayapman, ular meni bilishadi, derdim. “Yo‘q, Rustam aka, unaqa gap bo‘layotgani yo‘q, hammasi joyida” deb meni xotirjam qilishgan. Aslida hamma narsaning narx-navosi bor, bitta ko‘ylak, deylik, o‘sha paytda 70-80 ming so‘mga tushsa, ular bu narsalarni 200 ming so‘mdan olgan. Ko‘rdingizmi? Bu ishga nafaqat o‘rtada yurgan, balki kattaroq rahbarlar ham aralashgan. Nimaga o‘rtadagilari jazo olmaydi, “teparoq”lari reaksiya qilmaydi, desam, o‘zlarining “qo‘l-oyog‘i shu ishga bog‘liq ekan”.
– Rustam aka, Siz bilan har kuniyam gaplashayotganimiz yo‘q. Shu bois, teatr bilan ham bog‘liq savollar bersam. Siz qon-qoningiz bilan, avvalo, teatr rejissyorisiz. Teatr – o‘z darg‘asi, ya’ni rejissyorsiz hech vaqt yashay olmagan. O‘zingiz ishlagan Milliy teatrini olsak ham, u yerda bir paytlar Toshxo‘ja Xo‘jayev, Aleksandr Ginzburg kabi ulkan rejissyorlar badiiy rahbarlik qilgan. Ular Bahodir Yo‘ldoshev va Sizni shogird sifatida tarbiyalab, o‘z o‘rinlariga qo‘yib ketishdi. Sizlardan so‘ng o‘sha - “avlodlar zanjiri” uzilib qolgandek. An’analarni davom ettiradigan avlod chiqmadi. Masalan, B.Yo‘ldoshev Zaynab Sadriyeva bilan “Kelinlar qo‘zg‘oloni”ni, Siz esa G‘ani A’zamov bilan “Kuyov”, Shukur Burxonov bilan “Qiyomat qarz” spektakllarini sahnalashtirgansiz. Nega shogird tayyorlamagansizlar?
– Aleksandr Osipovich Ginzburg teatrimizga bosh rejissyor bo‘lib kelganda, men va men qatori 5-6 ta yosh rejissyorlarni taklif qilib, o‘sha yerda bir maktab, ijodiy laboratoriya tuzgandi. Afsuski, ustozim dunyodan o‘tib, bu ish chala qoldi.
- Institutni yiliga o‘nlab rejissyorlar bitirib chiqmoqda, hammasining diplomi bor. Lekin teatrda iz qoldiradigani yo‘qdek...
- Birinchidan, ularga kim dars berayapti, degan savolni qo‘yaylik. O‘sha – rejissyor, aktyor bo‘lolmagan odamlar bu bitiruvchilarning domlasi-ku. Vaholanki, hamma yerdagi ijodiy yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarida ko‘zga ko‘ringan “master”lar, o‘z ishining pirlari ustozlik qiladi. Ma’lum bir kursni o‘zlari qabul qilib, o‘zlari bitirtirib, bo‘lg‘usi yosh ijodkorlarning keyingi faoliyatini ham nazoratga olishadi.
Madaniyat va san’atga javob beruvchi odamlarning ba’zi birlari – biz o‘qigan (sobiq) Teatr va rassomchilik institutida, Madaniyat institutida ta’lim olgan. Lekin bu odamlar – na mutaxassis, na rejissyor, na aktyor bo‘la oldi. Ular bor-yo‘g‘i rahbar bo‘ldi, xolos. Boshqa ish qo‘lidan kelmadi. Rahbar bo‘lgandan keyin, ichida ijodiy rashk bo‘lsa kerak-da.
Ikkinchidan, bu sohadagi mutaxassislarni chet elda ham o‘qitish kerak.
Hozir ko‘p yolg‘on ishlar bo‘lmoqda. Qo‘yilayotgan spektakllarning ko‘pini ko‘rsangiz, badiiylik yo‘q. Yaxshi bilan yomonni farqlash mezonlari yo‘qolgan. Agarda tanqidiy fikrlar bo‘lmasa, teatr ham, kino ham rivojlanmaydi. Tanqidchilarimiz ham yo‘q.
Endi artistlar masalasiga kelsak, yaqinda men Milliy teatrda “Alisher Navoiy”, rus akademik teatrida “Alla” spektakllarini sahnalashtirdim. Akterlarning kasali bitta: ularning sahnadagi ovozini uchinchi qatorda o‘tirgan tomoshabin ham eshitmaydi. Na ovoz, na talaffuz bor, ko‘pchiligi hatto sahnada yurish-turishniyam bilmaydi. Chunki rejissyor, ya’ni ular bilan ishlaydigan odamning o‘zi yo‘q. Rejissyor – teatr yetakchisi, muallim. Ular – Siz aytgandek, yo‘q-da. Hammasi bir-biriga bog‘liq.
Rahmatli Shukur Burxonov “Rustam, meni ayamagin, burnimni yerga ishqalab ishlat. Asar yaxshi chiqishi kerak”, derdilar. E’tibor qilayapsizmi, bu gapni sahnada 200 ta rol o‘ynagan, xalq artisti, butun dunyoga mashhur bo‘lgan odam aytgan. Tinmasdan repetitsiya qilardilar. Hozir unaqa gap yo‘q...
Prezidentimiz yaxshi bir ishni boshladilar. Ya’ni teatrlarga homiylar biriktirildi. Ularning mablag‘lari spektakllarga, ijodiy jarayonlarga, chetdan rejissyor va rassomlar taklif etish kabi maqsadlarga ishlatilishi lozim. Maqsad – ajoyib sahna asarlari. Bizda nima bo‘lmoqda? U mablag‘larni direktorlar har xil bahonalar bilan, deylik, ta’mirlash, kreslo almashtirish kabi ishlarga sarflashayapti. (Aslida) mablag‘ bunga emas, spektakllar yaxshi chiqishi uchun berilgan. Ta’mir ishlariga Madaniyat vazirligining maqsadli mablag‘lari bor...
LiveBarchasi