Karantin vaqti “Olmaliq KMK” oldida tumonat odam to‘plandi. Kombinat holatga izoh berdi

Jamiyat

image

Kecha, 4 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Olmaliq KMK” AJ binosi oldida ko‘plab fuqarolar to‘plangani aks etgan video tarqalgandi. Izohda to‘planganlar kombinatda ishga qabul bo‘layotganini eshitib, kelgani aytilgan.

OKMK Axborot xizmati hodisa bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi.

“Olmaliq shahrida korxona tashkilotlar, xususan, OKMK ishtirokida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilgan. Yarmarka o‘tkazish uchun "Metallurg" madaniyat saroyi tanlangan edi. Biroq, talabgorlarning ko‘pligi, xususan, OKMKga ishga kirish istagida yaqin hududlardan ham kelgan fuqarolar hisobiga mo‘ljalangan joyda tiqilinch yuzaga kelgan”, deyiladi munosabatda.

Shundan so‘ng, zudlik bilan shahar hokimligi, OKMK mas’ullari mehnat yarmarkasini mazkur madaniyat saroyiga yondosh hududda joylashgan "Yoshlar bog‘i"ga ko‘chirilgan.

“Ta’kidlash joizki, yangi loyihalarning o‘zlashtirilishi, qo‘shimcha quvvatlarning ishga tushirilishi hisobiga OKMKda yaqin yillarda qariyb 10 ming nafar qo‘shimcha ish o‘rniga ehtiyoj kutilmoqda. Bugungi kunda bosqichma bosqich bu ish o‘rinlariga xodimlarni saralash ishlari boshlangan”, deya izoh beriladi ish o‘rinlari haqida.

Kombinat ma’muriyatining ma’lum qilishicha, bugungi holat yuzasidan tegishli mutasaddilar qat’iy ogohlantirilgan. Ish beruvchi tomonidan o‘tkaziladigan mehnat yarmarkasi talablariga muvofiq, ixtisosliklar bo‘yicha, navbati bilan ishga qabul jaryonini tashkil etilishi bo‘yicha topshiriq berilgan.

“OKMK tomonidan fuqarolarni ishga qabuli o‘tkaziladigan kunlar va qaysi ixtisoslik uchun qachon suhbat bo‘lishi haqida rasmiy veb sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali qo‘shimcha axborot beriladi”, deyilgan munosabatda.


Maqola muallifi

Teglar

Olmaliq KMK

Baholaganlar

178

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing