Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya Falastinni tan oldi

Olam

image

Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya bugun, 21 sentyabr kuni mustaqil Falastin davlatini rasman tan oldi. Tegishli bayonotlar hukumat rahbarlari tomonidan e’lon qilindi. Bu qarorni Fransiya va boshqa mamlakatlar ham BMT Bosh Assambleyasida kelasi haftada takrorlashi kutilmoqda.

“Kanada Falastin davlatini tan oladi va Falastin hamda Isroil davlatlari uchun tinch kelajak va’dasini barpo etishda sherikligini taklif etadi”, deb yozdi Kanada Bosh vaziri Mark Karni X ijtimoiy tarmog‘ida.

Karni iyul oyida mamlakat BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini tan olish niyati borligini aytgandi. O‘sha paytda bu reja Isroil rasmiylari tomonidan keskin tanqid qilindi va ular bu qarorni “HAMASga mukofot” sifatida baholashgandi.

“Falastin ma’muriyati zo‘ravonlikdan voz kechdi, Isroilni tan oldi va ikki davlat yechimiga sodiq. Biz tinch hamjihatlikni izlayotganlarni qo‘llab-quvvatlash va HAMASni chetlatish uchun Falastin davlatini tan olyapmiz”, dedi Kanada hukumatining yuqori martabali vakili bugungi e’londan sal oldinroq.

Karnining bayonotidan oldin, Kanada rasmiylari Isroilning salbiy munosabatiga javob berib, Falastinni tan olish Isroilga qarshi chiqish yoki jazolash uchun qilinmayotganini aytdi. 

“Biz chin ko‘ngildan muloqot olib boryapmiz va ushbu qarorni qarama-qarshilik sifatida ko‘rsatishga uringan ovozlarning ustun kelishini bartaraf etish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilmoqdamiz”, dedi Kanada hukumatining yuqori martabali vakillaridan biri.

Kanada rasmiylari, shuningdek, Falastin davlatini tan olish ikki davlat yechimini saqlab qolishga xizmat qiladi deb hisoblashlarini bildirdi.

Karnining iyul oyidagi e’loni AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan ham tanqid qilindi. Tramp bu qaror Kanada uchun AQSH bilan har qanday savdo muzokaralarida zarar keltiradi, deb ogohlantirgan edi.


Avstraliya ham Kanada izidan borib, rasman “mustaqil va suveren” Falastin davlatini tan oldi.

“Shu orqali Avstraliya Falastin xalqi davlatga ega bo‘lish haqidagi uzoq yillik va haqli intilishlarini tan oladi”, deyiladi Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze va Tashqi ishlar vaziri Penni Vongning qo‘shma bayonotida.

Bayonotda ta’kidlanishicha, Avstraliyaning Falastinni tan olishi “ikki davlatli yechim uchun yangi sur’at yaratishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan xalqaro sa’y-harakatlar”ning bir qismi bo‘lib, “G‘azoda otashkesim va 2023 yil 7 oktyabrdagi qirg‘inlar vaqtida olib ketilgan garovdagilarni ozod qilishdan” boshlanadi.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bugun, 21 sentyabr kuni mamlakatning Falastin davlatini rasman tan olganini va ikki davlatli yechimga umidni tiklashini e’lon qildi. Bu qaror Avstraliya va Kanada qadamlari bilan uyg‘un holda qabul qilindi.

“Yaqin Sharqda tobora ortib borayotgan dahshatlar qarshisida biz tinchlik imkoniyatini saqlab qolish uchun harakat qilyapmiz. Bu degani – xavfsiz va himoyalangan Isroil bilan bir qatorda barqaror Falastin davlati bo‘lishi kerak. Hozirda esa bizda ikkalasi ham yo‘q”, dedi Starmer video murojaatida.


Britaniya Bosh vaziri ikki davlatli yechimga bo‘lgan umid so‘nayotganini tan oldi, ammo bu nurni o‘chirishga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini qo‘shimcha qildi. 

Starmerning ta’kidlashicha, Falastinni tan olish – Isroil iddao qilganidek, HAMAS uchun mukofot emas. 

“Britaniyaning ikki davlatli yechim chaqiriqlari HAMASning kelajakda o‘rni yo‘qligini anglatadi”, dedi u.

Shuningdek, Starmerning aytishicha, G‘azodagi ulkan vayronagarchilik “butunlay toqat qilib bo‘lmas darajada” va uni darhol to‘xtatish kerak. Isroil o‘zining shafqatsiz taktikalarini to‘xtatishi va G‘azoga yordam kirishini ta’minlashi zarur.

Starmer, shuningdek, kelgusi haftalarda Britaniya HAMAS rahbariyatidagi yuqori darajali shaxslarga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar joriy qilishini ma’lum qildi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper bugun qabul qilingan qarorni “bugungi misli ko‘rilmagan tahdid sharoitida ikki davlatli yechim imkoniyatini saqlab qolish uchun muhim qadam”, deb atadi.

“Tan olish – tinchlik uchun zarur bo‘lgan kuchliroq va keng qamrovli sa’y-harakatlarning faqat bir qismi”, deb qo‘shimcha qildi Kuper.

Britaniya hukumati bayonotida aytilishicha, bu qaror: “Falastin ma’muriyatidan keng qamrovli islohotlarni amalga oshirish talabini bekor qilmaydi”. Prezident Mahmud Abbos otashkesimdan so‘ng bir yil ichida yangi saylovlar tashkil etishni ham o‘z ichiga olgan islohotlarni amalga oshirishga va’da bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Donal'd Tramp Avstraliya Falastin Isroil Kanada HAMAS BMT Bosh Assambleyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing