Kampirobod (Andijon) suv omborida 14 turdagi baliq aniqlandi
Olam
−
19:44 2033 1 daqiqa
O‘sh davlat universiteti va Farg‘ona davlat universiteti olimlari Kampir-Obod suv ombori havzasida o‘tkazgan qo‘shma ixtiologik ekspeditsiya davomida 14 turdagi baliqni aniqladi. Bu haqda O‘sh davlat universiteti xabar qildi.
Olimlar 6 kun davomida suv omboriga quyiladigan Qurshob, Qoradaryo, Yassi, Zerger va Keldyuk daryolarining quyi oqimida dala tadqiqotlarini olib borgan. Shuningdek, Diptychus maculatus turining taksonomik maqomini aniqlash maqsadida Yassi daryosining yuqori oqimida, “Qora-Shoro” davlat tabiat bog‘i hududida qo‘shimcha kuzatuvlar o‘tkazilgan.

Aniqlangan 2 turdagi baliqdan molekulyar-genetik tahlil o‘tkazish uchun namunalar olingan. Qo‘shimcha tadqiqotlar laboratoriya sharoitida amalga oshiriladi.
Olimlarning ma’lum qilishicha, aniqlangan 14 tur ro‘yxatiga Kampir-Obod suv omborida keng tarqalgan oddiy sazan, oq do‘ngpeshona va qilichbaliq kiritilmagan.

Tadqiqot yakunlari bo‘yicha O‘sh davlat universiteti va Farg‘ona davlat universiteti ixtiologiya hamda bioxilma-xillikni o‘rganish sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgan. Kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, doktorantlarning akademik mobilligini rivojlantirish va tadqiqotlarni xalqaro ilmiy jurnallarda birgalikda chop etish rejalashtirilgan.
Live
Barchasi