Kamchatkada ikki oy dengizda qolib ketgan erkak qutqarildi (video)
Olam
−
16 Oktabr
6163Joriy yilning avgust oyi boshida Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida uch kishidan iborat sayyohlar guruhi yo‘qolgan edi. Kecha, 15 oktyabr kuni Oxotsk dengizi hududida baliqchilar tasodifan ularning kemasini topishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin sayyohlardan faqatgina bir erkak omon qolgan va u vafot etgan yaqinlarining jasadlarini ham qayiqda saqlab qolgan. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, havo to‘ldirilgan rezina qayiq Kamchatka yaqinidagi Ust-Xayryuzovo hududida topilgan va 9 avgustdan beri qidirilayotgan bo‘lgan. Ular Xabarovsk o‘lkasidan Saxalinga suzib yetishga harakat qilgan. O‘sha vaqtdan boshlab sayyohlar bilan aloqa uzilgan va ular dengizda 67 kun davomida qayiqda oqib yurgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qayiq tasodifan topilgan. Baliqchilar ekipaji qayiqni radar orqali ko‘rib, avvaliga uni suzuvchi belgilar yoki kichik chiqindi deb o‘ylagan. Lekin u ancha oldin yo‘qolgan sayyohlar qayig‘i bo‘lib chiqqan.
Qayd etilishicha, qayiqda vafot etganlar — bir erkak va 16 yoshli o‘smir bo‘lgan. 46 yoshli omon qolgan erkak esa vafot etgan odamning akasi bo‘lgan. U bu davr mobaynida 50 kg vazn yo‘qotgan va yaqinlarining jasadlarini saqlab qolgan. Ammo uning ahvoli hozirda og‘ir deb baholanmoqda.
Ushbu voqea yuzasidan Rossiya Uzoq Sharq Transport prokuraturasi ma’lumot berib, omon qolgan erkakka birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganini bildirgan. Shuningdek, voqea bo‘yicha Rossiya Jinoyat kodeksining 263-moddasi 3-qismi (transport xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida ikki yoki undan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga qayiq dvigatelining buzilishi sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi