Kam ta’minlangan oilalarga “svet” va gaz uchun kompensatsiya beriladi
Jamiyat
−
06 aprel
4375Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlarida davlat kompensatsiyasi joriy etiladi. Bu 2 aprel kuni qabul qilingan “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan 2027-yil 1-aprelga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan, shuningdek, Reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:
- elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha;
- tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
Shuningdek, isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik yordam beriladi. 2025/2026 yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida quyidagi oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi:
- Reyestrlarga kiritilgan oilalarga;
- “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga.
Bunda “mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida birinchi navbatda, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, a’zolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan oilalar, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar, uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, uch va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz ta’minoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar inobatga olinadi.
Qo‘shimcha ravishda shakllantiriladigan ro‘yxatdagi oilalar soni Reyestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.
LiveBarchasi