“Kalmar o‘yini”dagi 79 yoshli aktyor jinsiy zo‘ravonlik qilishda aybdor deb topildi
3-sahifa
−
15 mart 2024 10764 2 daqiqa
Janubiy Koreya sudi “Kalmar o‘yini” serialidagi 79 yoshli aktyor O Yon Suga yetti yil oldin sodir qilgan jinsiy zo‘ravonlikda shartli hukm chiqardi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar berdi.
Aktyor jazoni ikki yilga kechiktirish sharti bilan sakkiz oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, sud unga 40 soatlik jinsiy jinoyatchilar dasturini bajarishni buyurdi.
O Yon Su sud zalidan chiqib, sud qarori ustidan shikoyat qilish niyatini bildirdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda O Yon Su ayolni o‘z xohishiga qarshi quchoqlab, yuzidan o‘pgan. Tazyiq qurboni politsiyaga 2021 yil dekabr oyida murojaat qilgan va O Yon Suga nisbatan ayblov 2022 yil noyabrda e’lon qilingan. 2024 yil fevralida prokuratura suddan uni bir yilga ozodlikdan mahrum qilishni hamda bolalar va o‘smirlar muassasalarida ishlashini taqiqlashni so‘ragan.
O Yon Su “Kalmar o‘yini” serialida 001-raqamli ishtirokchi O Il Nam rolini o‘ynagan. 2022 yilda u ushbu serialdagi roli uchun “Eng yaxshi ikkinchi plandagi aktyor” sifatida “Oltin globus” bilan taqdirlangan.
“Kalmar o‘yini” seriali Netflix striming platformasida 2021 yil sentyabr oyi o‘rtalarida chiqdi. To‘qqiz qismdan iborat serial moliyaviy muammolar tufayli omon qolish o‘yinida ishtirok etishga qaror qilgan bir guruh odamlar haqida hikoya qiladi. Chiqarilganidan keyin bir oydan kamroq vaqt ichida serialni 111 million kishi tomosha qilgan. Bu Netflix’ning 2021 yilda eng ko‘p ko‘rilgan loyihasi bo‘ldi — dunyoning 90 mamlakatida “Kalmar o‘yini” Netflix’ning eng ko‘p ko‘rilgan seriallari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.
Live
Barchasi