Kafe va restoranlarda ishga olish tartibi osonlashtiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyunidan e’tiboran kafe, restoran va umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga xodimlarni qisqa muddatga, jumladan bir kunlik yoki bir haftalik ishga rasmiy tarzda jalb qilish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, umumiy ovqatlanish xizmatlari sohasidagi ish beruvchilar ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining maxsus mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Yangi mexanizm doirasida xodimni ishga qabul qilish va unga mehnat haqini to‘lash jarayonlari bir kunning o‘zida amalga oshiriladi. Bu esa asosan kunlik yoki qisqa muddatli ishchi kuchiga ehtiyoj yuqori bo‘lgan kafe, restoran, mehmonxona va turizm sohasi sub’ektlari uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning ta’kidlashicha, mazkur tartib amaldagi mehnat munosabatlarini sohaning real ehtiyojlariga moslashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy ovqatlanish va turizm sohasida faoliyat yurituvchi ko‘plab korxonalarda xodimlar qisqa muddatlarga jalb qilinadi, ammo amaldagi tartib-taomillar bu jarayonda muayyan muammolarni keltirib chiqarayotgan edi.

Mazkur masala joriy yilning 21 aprel kuni umumiy ovqatlanish va gastronomiya sohasidagi tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida ham muhokama qilingan. Uchrashuv qatnashchilari mehnat qonunchiligidagi mavjud tartiblar sohaning o‘ziga xos xususiyatlarini to‘liq inobatga olmayotganini bildirgan.

Shu vaqtgacha amal qilib kelgan qoidalarga muvofiq, davlat tashkilotlari hamda xususiy sektor sub’ektlari uchun ishga qabul qilish va mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi deyarli bir xil hisoblangan. Yangi tartib esa mehnat bozorida keng tarqalgan mavsumiy va qisqa muddatli bandlik shakllarini huquqiy jihatdan tartibga solishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi kafe, restoran va mehmonxonalarda alkogol hamda tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga ruxsat berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

restoranlar Kafe

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing